Myunxenda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ta’lim va madaniy hamkorlikka bag‘ishlangan forum bo‘lib o‘tdi

O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi ko‘magida «Klett EDU GmbH» kompaniyasi va Sharq-G‘arb iqtisodiy forumi (Ost-West-Wirtschaftsforum) tomonidan tashkil etilgan tadbir ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim, kasbiy tayyorgarlik va madaniy aloqalarni rivojlantirishga bag‘ishlandi.
Forumda O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov, Bavariyaning Yevropa masalalari va xalqaro aloqalar bo‘yicha sobiq davlat vaziri, Bavariya parlamenti deputati Erik Baysvenger, «Klett EDU GmbH» bosh direktori Ferdinand Ayen, «Klett Uzbekistan» rahbari Oydin Jalilova, shuningdek, Germaniyaning ishbilarmon doiralari, ta’lim muassasalari va jamoatchilik vakillari hamda vatandoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, malakali mutaxassislar tayyorlash va ularni Germaniya mehnat bozoriga jalb etish istiqbollari muhokama qilindi. «Klett EDU» vakillari kompaniyaning O‘zbekistonda amalga oshirayotgan ta’lim loyihalari va kelgusidagi rejalari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, Germaniyada kasbiy ta’lim (Ausbildung) dasturi bo‘yicha tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar o‘z tajribalari, o‘qish va mehnat faoliyatini uyg‘unlashtirish imkoniyatlari hamda duch kelayotgan muammolari xususida so‘z yuritdilar.
Forum doirasida Germaniyaning «Trescher Verlag» nashriyoti vakili Holger Krechmar O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi va sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi. U nashriyot tomonidan chop etilgan O‘zbekiston haqidagi sayohat qo‘llanmasini ishtirokchilarga tanishtirdi.
Shuningdek, yurtimiz arxitekturasiga oid qator kitoblar muallifi, taniqli nemis me’mori va noshir, professor Filipp Moyzer Toshkentning boy me’moriy merosi va shaharsozlik tarixi haqida ma’ruza qildi. U Oqtepa va Mingо‘rik kabi qadimiy arxeologik yodgorliklar, poytaxt me’morchiligining rivojlanish bosqichlari, shuningdek, ko‘p qavatli binolar fasadlaridagi noyob mozaikalarni o‘rganish, xaritalashtirish va xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qaratilgan loyihalar xususida ma’lumot berdi.
Tadbir yakunida mehmonlar uchun o‘zbek milliy taomlari, jumladan, shohona taom palov taqdim etildi. Samimiy va do‘stona muloqot davomida ishtirokchilar o‘zaro aloqalarni kengaytirish va istiqboldagi qo‘shma tashabbuslar yuzasidan fikr almashdi.
Myunxenda o‘tkazilgan forum ikki davlat o‘rtasida ta’lim hamda kasbiy ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimizning boy madaniy va me’moriy merosini nemis jamoatchiligiga keng tanishtirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Madina Shaxnazarova