3 maydan Toshkent va Xiva yo‘nalishida yangi tezyurar elektropoyezd harakatlanishni boshlaydi

2026 yil 3 maydan Toshkent va Xiva o‘rtasida yangi “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar elektropoyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur yo‘nalishning ishga tushirilishi O‘zbekiston temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va mamlakatning muhim turistik markazlaridan biriga transport qatnovini yaxshilashda muhim bosqich bo‘ladi.
Jadvalga muvofiq, poyezd Toshkent markaziy vokzalidan soat 07:00 da yo‘lga chiqib, 14:31 da Xivaga yetib boradi. Qaytish yo‘nalishida tarkib Xivadan soat 07:20 da harakatlanib, 14:51 da Toshkentga yetib keladi. Shu tariqa, yo‘l vaqti taxminan 7 soat 30 daqiqani tashkil etadi. Birinchi Toshkent-Xiva qatnovi 3 may kuniga, Xiva-Toshkent esa 4 mayga rejalashtirilgan.
Yangi elektropoyezd haftasiga uch marta qatnaydi. Toshkentdan Xivaga qatnovlar seshanba, payshanba va shanba kunlari, Xivadan Toshkentga esa chorshanba, juma va yakshanba kunlari amalga oshiriladi. Chiptalarni temir yo‘l kassalaridan, shuningdek, rasmiy elektron servis eticket.railway.uz orqali onlayn xarid qilish mumkin. Eʼlon qilingan maʼlumotlarga ko‘ra, chipta narxi 780 ming so‘mdan boshlanadi.
Elektropoyezd buyuk tarixiy shaxs Jaloliddin Manguberdi nomi bilan atalgan. Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ushbu tarkib O‘zbekistonga yetkazib berilishi rejalashtirilgan oltita tezyurar poyezdning birinchisidir. Barcha oltita poyezd Xivagacha qatnashi rejalashtirilgan. Shuningdek, Nukusgacha bo‘lgan temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ushbu ishlar yakunlangach, poyezdlar qatnovini mazkur yo‘nalishda ham tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Tarkib yettita vagondan iborat bo‘lib, taxminan 390 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan va soatiga 260 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi. Yo‘lovchilar uchun VIP, biznes va ekonom toifalarida xizmat ko‘rsatish nazarda tutilgan.
Poyezd O‘zbekistonning iqlim sharoitlariga moslashtirilgan: u chang, haroratning keskin o‘zgarishi va qum bo‘ronlari sharoitida foydalanishga mo‘ljallangan. Tarkib dizayni oq rangda ishlangan, qoraytirilgan oyna va O‘zbekiston Davlat bayrog‘i ranglarini eslatuvchi ko‘k, yashil va qizil chiziqlar bilan bezatilgan.
Toshkent va Xiva o‘rtasida tezyurar temir yo‘l qatnovining yo‘lga qo‘yilishi safar vaqtini sezilarli darajada qisqartirish va yo‘lovchilar uchun qulaylikni oshirish imkonini beradi. Yangi temir yo‘l aloqasi ichki va xalqaro turizmni rivojlantirishda ham muhim ahamiyatga ega, zero Xiva O‘zbekistonning eng mashhur tarixiy-madaniy markazlaridan biri hisoblanadi.
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi mamlakat transport tizimini modernizatsiya qilish, yo‘lovchi tashish hajmini kengaytirish va hududlararo bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni aks ettiradi. Kelgusida yangi zamonaviy elektropoyezdlar boshqa istiqbolli temir yo‘l yo‘nalishlarida ham foydalanilishi kutilmoqda.