Konstitutsiya — inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi! YANGILANGAN QOMUSIMIZ — HUQUQIY JAMIYAT POYDEVORI

Mustaqil davlatchiligimiz tarixida ilk bor xalq irodasi va xohishi bilan qabul qilingan Konstitutsiyani zamonaviy davlatchiligimizning poydevoriga qiyoslash mumkin. Chunki unda milliy davlatchilik borasida erishilgan ulkan tajriba, bugungi kunda jamiyat va davlat boshqaruvi oldida turgan o‘tkir va dolzarb masalalar, dunyoda saqlanib qolayotgan g‘oyat murakkab geosiyosiy jarayonlar avj olgan sharoitda “inson – jamiyat – davlat” o‘rtasidagi munosabatlarning puxta o‘ylangan strategiyasi aks etgan. Boshqacha aytganda, yangilangan Konstitutsiya ham davlatchilik, ham inson huquqlari borasida boshlangan demokratik islohotlarda ortga qaytmasligimizning o‘ziga xos isboti, desak bo‘ladi.
Zero, Bosh qonunimiz milliy taraqqiyot yo‘limizni belgilab beruvchi, orqaga qaytmaydigan islohotlarimiz, milliy davlatchilik modelining eng muhim dasturulamali hisoblanadi.
Prezidentimiz 2023 yil 8 mayda Oliy Majlis palatalari aʼzolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvdagi nutqida yangilangan Bosh qonunning muhim jihatlari haqida fikr bildirar ekan, “...Konstitutsiyamizda ilk bor O‘zbekiston Respublikasiga huquqiy davlat degan taʼrif berildi. Bosh qomusimizda inson huquqlari kafolatlariga oid normalar ham 3 barobar ko‘paytirildi. Bu – avvalambor barcha sohada qonun ustuvorligi taʼminlanadi, degani”, deb alohida taʼkidladi.
Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 33 yilligi xalqimiz uchun juda katta bayram. Shu bilan birga, Bosh qonunimizning hayotimizdagi o‘rni, uning inson qadri va adolatni taʼminlashdagi mislsiz ahamiyatini yana bir bor chuqur anglab olish uchun muhim fursatdir. Shu maʼnoda Prezidentimizning Konstitutsiya kunini yuksak saviyada nishonlash to‘g‘risidagi farmoyishi nafaqat bayram tadbirlari dasturini belgiladi, balki Konstitutsiyaning zamonaviy jamiyat hayotidagi chuqur huquqiy, maʼnaviy va strategik ahamiyatini yana bir bor eʼtirof etdi.
Bugungi tez o‘zgarayotgan dunyoda mamlakatlar raqobatbardoshligi, davlat boshqaruvi samaradorligi, inson huquqlari kafolati zamon talabiga mos yangi konstitutsiyaviy qoidalar va institutsional mexanizmlar orqali taʼminlanadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya esa shunday zamonaviy huquqiy yondashuvlarni o‘zida mujassam qilgan. Unda inson qadri, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat, xalq hokimiyatchiligi va qonun ustuvorligi kabi tamoyillar nafaqat bayon etildi, balki ularni hayotga tatbiq qilishning amaliy mexanizmlari ham qatʼiy belgilab qo‘yildi.
Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi muhim ijtimoiy-siyosiy voqelik sifatida barchamizga katta masʼuliyat yuklaydi. Zero, Konstitutsiyada belgilangan huquq va qadriyatlarning kundalik hayotda aks etishi, uning har bir moddasi inson manfaatiga xizmat qilishi har birimizga bog‘liq.
Hujjatda belgilangan vazifalar – Konstitutsiyani keng targ‘ib qilish, uning mohiyatini aholiga chuqur va tushunarli yetkazish, yangi normalarni hayotga tatbiq etishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish – bugungi kunning eng muhim talablaridan biridir. Konstitutsiyada belgilangan qoidalar hayotimizga qay darajada chuqur kirib borsa, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ijtimoiy kelishuv ham shunchalik barqaror va ishonchli bo‘ladi.
Shu maʼnoda mazkur vazifalarning amalga oshirilishi nafaqat umumiy huquqiy savodxonlikni oshiradi, balki jamiyatimizning huquqiy madaniyatini yuksaltirib, har bir fuqaroga Konstitutsiyaning haqiqiy qiymatini his etish va uning ustuvorligini kundalik hayotda namoyon etishga kuch va ishonch bag‘ishlaydi.
Bugungi kunda demokratiyani chuqurlashtirish, iqtisodiy erkinlikni kengaytirish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, tadbirkorlikni himoya qilish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish kabi yo‘nalishlardagi keng qamrovli islohotlar tasodifiy emas — ularning barchasi o‘z manbaini aynan konstitutsion g‘oyalardan olmoqda.
Hujjatda belgilangan vazifalar mazmuni juda keng falsafani mujassam etgan.
Birinchidan, bugungi jo‘shqin islohotlarda xalq hokimiyatchiligi, inson qadri, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi tamoyillar harakatlantiruvchi kuchga aylanmoqda va jamiyatni birlashtiruvchi umummilliy qadriyat sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Ikkinchidan, yangilangan Konstitutsiyaning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy-maʼnaviy sohalardagi islohotlar bilan uzviy bog‘liqligi shundaki, uning chinakam mohiyati insonning bugun baxtli, xavfsiz va farovon yashashi uchun barqaror shart-sharoit yaratishdan iborat.
Uchinchidan, “Konstitutsiya — inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan shiorning mohiyati shundaki, yangi davr falsafasi, yaʼni inson huquq va erkinliklari mutlaq ustuvorlikka ega bo‘lgan davlat modeli asosida inson huquqlarini himoya qilish mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Yurtimizda tadbirkorlik va xususiy mulkni himoya qilish, sog‘liqni saqlashni takomillashtirish, ilm-fan va madaniyatni rivojlantirish, sport sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirish kabi yo‘nalishlarda kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlar ham ana shu konstitutsion tamoyillarning amaliy natijasidir.
Bu esa jamiyatga oddiy, ammo juda muhim haqiqatni anglatadi: yangi Konstitutsiya har bir sohani alohida emas, balki umumiy maqsad — inson farovonligini taʼminlashga qaratilgan yagona ijtimoiy-huquqiy tizim sifatida birlashtirib, islohotlarning izchil va barqaror rivojini taʼminlovchi asosiy poydevorga aylanmoqda.
Shu tariqa mazkur vazifalarning tub mohiyati xalq qo‘llab-quvvatlovi bilan yangilangan Konstitutsiya falsafasini jamiyatning har bir qatlamiga yetkazish, yaʼni inson qadrini eng oliy qadriyat sifatida eʼtirof etish, jamiyat birdamligini mustahkamlash, huquqiy madaniyatni yuksaltirish va yangi O‘zbekistonda qonun ustuvorligiga tayangan zamonaviy davlat sifatida jamiyatimizning o‘z kelajagini ongli, masʼuliyatli va izchil ravishda barpo etishga qaratilgan intilishlari va saʼy-harakatlarini “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ulug‘vor maqsad atrofida birlashtirishdan iboratdir.
Bunda konstitutsiyaviy huquq bo‘yicha ilmiy hamjamiyat va ustoz-murabbiylarning o‘ziga xos o‘rni bor. Zero, ilm-maʼrifat sohasi vakillari tomonidan ilgari surilayotgan har bir ilmiy xulosa, huquqiy g‘oya, fundamental tadqiqot va bu boradagi taʼlim-tarbiya faoliyati Konstitutsiya normalarining ruhi va mohiyatini yana-da chuqurroq anglashga yordam beradi.
Shu bilan birga, Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan qonun ustuvorligi, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan vazifalar hayotda yana-da keng qamrovli mexanizmlar orqali amalga oshirilmoqda. Buning yaqqol namunasi sifatida Adliya vazirligi tomonidan Prezidentimizning 2024 yil 24 maydagi farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan “Huquq maktabi” mobil ilovasini ko‘rsatish mumkin.
Mazkur platforma aholining huquqiy bilimlarni mustaqil, qulay va zamonaviy shaklda egallashini taʼminlashga xizmat qiluvchi innovatsion loyiha sifatida jamiyatimizda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga katta hissa qo‘shmoqda. Ilovada hozir qariyb 66 ming foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan, 32 ta o‘quv kursi joylashtirilgan va 33 mingdan ziyod foydalanuvchi mazkur kurslarni tugatib, rasmiy sertifikatga ega bo‘lgan.
Bu raqamlar aholining huquqiy bilimga ehtiyoji va qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi. Eng muhimi, “Huquq maktabi” ilovasi Konstitutsiyada belgilangan huquqiy madaniyatni oshirish, qonun ustuvorligini taʼminlash va fuqarolarning huquqiy savodxonligini kuchaytirishga qaratilgan vazifalarning amaldagi samarali va zamonaviy mexanizmidir.
Bosh qonunimiz normalarini yosh avlod ongiga izchil va tizimli ravishda yetkazishda Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari alohida o‘rin tutmoqda. Xususan, ular tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida umumtaʼlim maktablarining 8–11-sinf o‘quvchilari uchun tayyorlangan “Davlat va huquq asoslari” darsliklari o‘quvchilarda Konstitutsiyaning ruhi va mohiyatini anglash, uni hayotga tatbiq etish ko‘nikmalarini zamonaviy metodlar asosida shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Bosh qonunimizning hayotimizdagi o‘rnini yana bir bor chuqur anglash, uning normalari har bir sohada amal qilishi uchun umumiy masʼuliyatni his etish barchamizdan faol fuqarolik pozitsiyasi, yuqori huquqiy madaniyat va qonun ustuvorligiga sadoqatni talab etadi. Chunki Konstitutsiya faqat huquqiy hujjat emas, u mamlakat taraqqiyotining maʼnaviy mezoni, fuqarolarning davlatga va jamiyatning kelajakka ishonchini mustahkamlovchi asosiy poydevordir. Unga rioya qilish esa har birimiz uchun nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi fuqarolik masʼuliyatidir.
Ixtiyor Bekov,
yuridik fanlar doktori, professor