YUNESKO sessiyasining “yuragi”: Samarqandda tashkil etilgan Matbuot markazidan reportaj

Shu kunlarda dunyo bo‘ylab yuzlab jurnalistlar bir vaqtning o‘zida Samarqand haqida yozmoqda. Ular yozgan har bir satr, efirga chiqqan har bir lavha orqali O‘zbekistonning dovrug‘i dunyoga yoyilmoqda.
YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida Samarqandda tashkil etilgan Matbuot markazi haqida shu kabi fikrlarni bildirish mumkin.
Sessiya tadbirlarini yoritishda dunyo va mamlakatimizdagi yetakchi ommaviy axborot vositalaridan besh yuzdan ortiq jurnalist ishtirok etayotgani aytilmoqda.
Matbuot markazi nafaqat texnik qulayliklar, balki axborot ochiqligi, shaffoflik va xalqaro muloqot madaniyatining namoyishi sifatida faoliyat yuritmoqda. Jurnalistlar uchun yuqori tezlikdagi internet, zamonaviy kompyuterlar, jonli efir studiyalari, maxsus tasvirga olish hududlari, tarjimonlar guruhlari tashkil etilgan.
Bunday infratuzilma axborotning tez va ishonchli tarqalishini ta’minlaydi. Bu shunchaki qulaylik emas, balki O‘zbekistonning ochiq dunyoga qaratilgan axborot siyosatining amaldagi ko‘rinishidir. Matbuot markazi orqali Samarqanddagi har bir voqea jahon axborot maydonida o‘z vaqtida va aniq tarzda aks etmoqda.
Sessiya arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot kotibi Sherzod Asadov ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus brifing o‘tkazdi. Bu nafaqat tadbirning mazmunan boyligini, balki axborot aloqalarining yuqori darajada yo‘lga qo‘yilganini ham ko‘rsatdi.
YUNESKOning mazkur sessiyasi so‘nggi 40 yil ichida ilk bor Parijdagi bosh qarorgohdan tashqarida va birinchi marta Markaziy Osiyoda o‘tkazilayotgani bilan tarixiy ahamiyat kasb etadi. 190 ta davlat va xalqaro tashkilotlardan 2 ming 800 dan ziyod vakil, jumladan 70 ga yaqin yuqori darajali shaxs ishtirok etayotgan bu forum mintaqaning eng nufuzli xalqaro anjumanlaridan biriga aylandi.
Matbuot markazidan uzatilayotgan har bir xabar faqat shu voqelik haqida emas, balki mamlakatimiz imiji haqida ham gapirmoqda.