Ўзбекистон халқаро ҳамкорлар билан биргаликда келажакка йўналтирилган янги транспорт йўналишларини очмоқда

“Dunyo” AAning xabar berishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 avgust kuni Turkmanistonning “Avaza” turistik zonasida bo‘lib o‘tadigan BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha III konferensiyasida ishtirok etadi.
III konferensiya BMT Kotibiyati tomonidan Turkmaniston hukumati bilan birgalikda tashkil etilyapti.
Konferensiyada davlat va hukumat rahbarlari, 100 dan ortiq yuqori darajadagi delegatsiyalar, jumladan, 32 ta rivojlanayotgan mamlakat vakillari, shuningdek, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirok etishi kutilmoqda.
Konferensiya doirasida siyosiyyo-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar tadbirlar, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarining milliy kunlari, madaniyati, sanʼati va milliy taomlari namoyish etiladi. Shuningdek, mintaqa davlatlarining milliy yutuqlari, sarmoyaviy va infratuzilma loyihalari, texnologik yechimlariga bag‘ishlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi.
Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar guruhiga BMTga aʼzo 32 ta davlat kiradi. MDH davlatlari orasida Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston uning ishtirokchilaridir. Guruhning asosiy vazifalari aʼzo mamlakatlarning jamoaviy iqtisodiy manfaatlarini rivojlantirish va ilgari surish, global miqyosda kelishilgan maqsad va harakat dasturlarini samarali amalga oshirish, BMT, Jahon savdo tashkiloti va boshqa ko‘p tomonlama forumlar doirasida asosiy xalqaro iqtisodiy masalalar bo‘yicha ularning umumiy pozitsiyasini mustahkamlashdan iborat.
Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha xalqaro konferensiyasi muhim qarorlar qabul qilishning asosiy platformasi bo‘lib, u har o‘n yilda bir marta o‘tkaziladi.
2003 yilning 28-29 avgust kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida BMT Bosh Assambleyasining 57/242-rezolyutsiyasiga muvofiq Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha birinchi xalqaro konferensiya chaqirildi. Ushbu yig‘ilish oldidan hukumatlararo tayyorlov qo‘mitasining ochiq ikkita majlisi bo‘lib o‘tdi.
Anjuman yakunlari bo‘yicha samarali tranzit transport tizimlarini yaratish, maʼmuriy tartib-taomillarni takomillashtirish va chegara nazorati tartib-qoidalarini soddalashtirish bo‘yicha global asosni shakllantirishga qaratilgan Olmaota Harakatlar dasturi qabul qilindi.
2014 yil 3-5 noyabr kunlari Avstriyaning Vena shahrida BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha II konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy natijasi 2014-2024 yillarga mo‘ljallangan Vena Harakat dasturining qabul qilinishi bo‘ldi. Dastur dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning taraqqiyot va kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha muammolarini hal qilishga oid chora-tadbirlarni nazarda tutadi.
O‘zbekiston yuqorida qayd etilgan hujjatlar doirasida muayyan muammolarni hal etishga qaratilgan xalqaro saʼy-harakatlarda faol ishtirok etmoqda. Xususan, barqaror transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar izchil amalga oshirilyapti. Ular BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan milliy taarqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
2022 yilda BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan 40 ta davlat bilan hammualliflikda qabul qilingan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha maxsus rezolyutsiyani bir ovozdan maʼqulladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Transafg‘on temir yo‘li qurilishi, O‘rta transport yo‘lagini rivojlantirish, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi, Xitoy-Markaziy Osiyo loyihalari kabi yirik dasturlar tashabbuskori bo‘ldi va ularda ishtirok etdi.
Bu ichki infratuzilmani modernizatsiya qilish – temir yo‘llarni qurish va elektrlashtirish, zamonaviy logistika uzellari va terminallarini yaratish borasidagi saʼy-harakatlar bilan to‘ldirilmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa mintaqaviy formatlarda o‘z kun tartibini faol ilgari surmoqda.
Ko‘p tomonlama yondashuv allaqachon o‘z samarasini bermoqda. O‘zbekiston orqali tranzit tashish hajmi oshib bormoqda, mamlakatning Yevroosiyodagi transport xabi sifatidagi roli mustahkamlanmoqda. Eng muhimi, obyektiv geografik cheklovlarga qaramay, mamlakat tashqi xavf-xatarlarga chidamliligini kuchaytirib, jahon iqtisodiyotiga to‘liq integratsiyalashuviga yo‘l ochmoqda.
O‘zbekistonda dengizdan ikki baravar uzoqlik endi qiyinchilik sifatida qabul qilinmaydi. Bugungi kunda O‘zbekiston uchun bu xalqaro ustuvorliklarni belgilovchi va mamlakatni yangi Yevroosiyo logistikasining faol ishtirokchisiga aylantiruvchi strategik omildir.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonda bo‘lib o‘tadigan BMT konferensiyasidagi ishtiroki mamlakatning xalqaro hamjihatlikni mustahkamlash va muhokama etilayotgan muammolarning barqaror yechimlarini topishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi hamda dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlarning global iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvi bo‘yicha yangi kun tartibini shakllantirishga konstruktiv hissa qo‘shadi.