O‘zbekiston Prezidenti birinchi “Markaziy Osiyo – Germaniya” sammitida ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 sentabr kuni Berlin shahrida Germaniya Federativ Respublikasi Federal Kansleri Olaf Shols raisligida o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya yetakchilarining birinchi sammitida ishtirok etdi.
Tadbirda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Sammit kun tartibiga muvofiq, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, “yashil” energetikani rivojlantirish va iqlim oʻzgarishlariga moslashish istiqbollari, tabiiy resurslar va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari hamda barqaror va izchil mintaqaviy taraqqiyotni taʼminlash borasida birgalikdagi saʼy-harakatlar muhokama qilindi.
Tadbir ishtirokchilari “Markaziy Osiyo - Germaniya” formati ochiq muloqot hamda mintaqa mamlakatlari va Germaniya oʻrtasidagi hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish uchun samarali maydonga aylanganini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda bugungi mintaqaviy hamkorlik darajasiga yuksak baho berib, Oʻzbekiston yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash siyosatini ogʻishmay amalga oshirayotganini qayd etdi.
Mintaqa mamlakatlariga mustaqillikning ilk kunlaridanoq amaliy koʻmak koʻrsatishda Germaniya muhim oʻrin tutib kelayotgan yuqori baholandi.
Taʼkidlanganidek, bugun mamlakatimiz muhim transformatsiya bosqichida turibdi, Yangi Oʻzbekiston – inson manfaatlari oliy qadriyat boʻlgan demokratik davlatni barpo etish yoʻlidan bormoqda. Mamlakatimizni 2030-yilga qadar rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatli strategiya qabul qilingan va undagi yuksak maqsadlar xalqaro hamkorlarning salohiyatini jalb qilish orqali amalga oshiriladi.
Uzoq muddatli hamkorlikning umummintaqaviy ahamiyatga ega ustuvor yoʻnalishlari koʻrsatib oʻtildi.
Bular – investitsiyaviy, innovatsiyaviy va texnologik aloqalar va almashinuvni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish, xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, transport-kommunikatsiyaviy oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish, “yashil” kun tartibini ilgari surish, Germaniya standartlariga muvofiq turli tarmoqlar uchun mutaxassislarni tayyorlash, Afgʻoniston aholisiga gumanitar yordam koʻrsatish.
Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari Germaniya tomonining Markaziy Osiyo va Germaniya oʻrtasida strategik mintaqaviy sheriklikni yoʻlga qoʻyish, ushbu formatda muntazam uchrashuv va maslahatlashuvlar oʻtkazib borish taklifini qoʻllab-quvvatladilar.