• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Yoshlar parlamenti tashkil etildi

Jahonda oʻz oʻrni va mavqei saqlanib qolishini istagan har bir xalq yoshlarga alohida eʼtibor qaratadi.

Shu jihatdan Davlatimiz rahbari alohida taʼkidlaganidek, sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson boʻlib kamolga yetishi bilan bogʻliq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat.

Yoshlar haqida soʻz yuritganda, bu jihatdan Oʻzbekiston dunyodagi eng boy davlat, deb aytishga toʻla haqlimiz. Chunki bizdagi kabi aholisining yarmidan koʻpini yoshlar tashkil etadigan davlatlar dunyoda juda kam.

Muhimi, yurtimizda ularga qaratilayotgan eʼtibor. Oʻzbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Yoshlarning manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashmoqda.

Yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanayotgan bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qatʼiy pozitsiyaga ega yoshlar tobora hal qiluvchi kuchga aylanib borayotir.

Ammo yoshlar bilan bogʻliq muammolar ham yoʻq emas. Ularni oʻz vaqtida aniqlash va hal qilish uchun esa yoshlarning oʻzi tashabbus koʻrsatishi maqsadga muvofiq. Shuning uchun ham Senatda Yoshlar parlamenti tuzildi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva Yoshlar kuni munosabati bilan yoʻlagan tabrigida yurtimiz yigit-qizlarini qutlash bilan birga Oliy Majlis Senati huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etilgani quvonchli voqea boʻlganini qayd etdi.

“Shu fursatdan foydalanib, Yoshlar parlamentiga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Ishonchim komilki, u oʻgʻil-qizlarimizning oʻz fikrlarini baralla aytishi uchun, ularning manfaatlarini himoya qilish, muammolarini parlament minbariga olib chiqish, qonun ijodkorligida yoshlarning ishtirokini taʼminlash imkonini beradi. Biz sizlarning fikr-mulohazalaringizni tinglashga, tashabbuslaringizni qoʻllab-quvvatlashga, sizlar bilan hamnafas ishlashga hamisha tayyormiz!”, deyilgan Senat raisi tabrik soʻzida.

⠀Yurtimiz hayotida oʻziga xos yangilik boʻlgan Yoshlar parlamentiga eng faol, ilmu tafakkuri bilan ajralib turadigan yoshlar jalb etilib, ularning salohiyatidan foydalangan holda yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshiklari ochiladi.

Bu tajriba parlament sohasida yoshlikdan koʻnikma hosil qiladigan, “parlament qozoni”da qaynab chiniqadigan boʻlajak siyosatchilar maktabiga aylansa ajab emas.