• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

YOSHLAR OYLIGI: yangi loyihalarga start beriladi

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda “Yoshlar oyligi” doirasida tashkil etilayotgan tadbirlarga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazdi.

Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 25-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi yoshlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq, 30 –iyun Yoshlar kuni etib belgilandi. Shu bois, iyun oyida respublikamizning barcha hududlarida “Yoshlar oyligi” oʻtkaziladi. Har yili yuqori saviyada tashkil etilayotgan “Yoshlar oyligi” bu gal pandemiya sabab oʻzgacha ruhda oʻtkaziladi. Ushbu oylik doirasida qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar va loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi raisi Abdulaziz Nazirovning qayd etishicha, oylik doirasidagi tadbirlar karantin qoidalariga toʻliq amal qilgan holda, aksariyat tadbirlar aynan ijtimoiy tarmoqlar, radio hamda telekanallar orqali oʻtkaziladi. Oʻz navbatida maʼrifiy-koʻngilochar tadbirlar qamrovi keng, ahamiyati yuqori, taʼsiri ham beqiyos boʻladi.

Har bir tuman oʻz dasturini ishlab chiqqan. Jumladan, shahar miqiyosida qiziqarli onlayn shoular, onlayn konsertlar, sportchilar bilan suhbatlar moʻljallagan. “Yoshlar oyligi” doirasida 1-30-iyun kunlari poytaxtimizda 300 dan ziyod tadbir oʻtkazilishi belgilandi. Unda jami 100 mingdan ortiq yosh internet orqali qamrab olinadi.

Kun davomida 30 yoshga toʻlmagan turli sohalarda muvafaqqiyatga erishgan yigit-qizlar bilan onlayn suhbatlar oʻtkaziladi. 1-10-iyun kunlari yoshlarni bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor beriladi. Buning uchun Yoshlar markazida “Bandlik markazi” tashkil qilinadi. Ishsiz yoshlar bandligini taʼminlash maqsadida ijtimoiy tarmoqlar hamda rasmiy kanallar orqali mexnat yarmarkalari oʻtkaziladi. Turli kasb egalari ishtirokida onlayn darslar tashkil etiladi.

11-20-iyun kunlari esa tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar rejalashtirilgan. Frilanserlik xonasining ochilish marosimi oʻtkazilib, “Frilans – bu biznes” mavzusida muloqot, tadbirkorlik obyektlariga onlayn sayohat tashkil etiladi. 21-30-iyun kunlari 5 tashabbus doirasida “Orzuimdagi sportchi bilan mashgʻulot”, “Toshkent kitobxon shahar”, “Bolalar ovozi” va boshqa loyihalar oʻtkaziladi. 30-iyun kuni onlayn gala-konsert tashkil etiladi.

Matbuot anjumanida, shuningdek, joriy yilning olti oyi davomida Toshkent shahrida ijtimoiy hamda maʼnaviy-maʼrifiy sohada bajarilgan ishlar haqida ham maʼlumot berildi.