• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Yoshlar oyligi qanday tashkil etiladi

Mamlakatimizda 30-iyun – Yoshlar kuni sifatida keng nishonlanadi. Sana munosabati bilan “Yoshlar oyligi”ni oʻtkazish anʼanaga aylangan.

Bu yil koronavirus pandemiyasi butun dunyoda jamiyat hayotida rejalashtirilgan ishlar va tadbirlarga muayyan oʻzgartirishlar kiritishga majbur qildi. Fuqarolar sogʻligi va xavfsizligini taʼminlash, kasallik tarqalishi yoʻliga gʻov qoʻyish maqsadida qatʼiy ehtiyot choralari, karantin tartibi joriy qilindi.

Xoʻsh, bunday vaziyatda ijtimoiy hayotda muhim ahamiyatga ega “Yoshlar oyligi” kabi maqsad-manzilli tadbirlar, anʼanalar qanday oʻtkaziladi yoki ular ham nomaʼlum muddatlarga kechiktiriladimi?

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Namangan viloyati kengashi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida jurnalistlarga shu haqda batafsil maʼlumot berildi.

Taʼkidlash joizki anjuman pandemiya davri uchun belgilangan sanitariya-gigiyena, epidemiologiya talablariga toʻla rioya qilingan holda tashkil etildi.

Unda Yoshlar ittifoqi viloyat kengashining raisi A.Moʻminov, kengash raisining oʻrinbosari B.Mirzaatov viloyatda “Yoshlar oyligi”ni oʻtkazish tartibi hamda oylik dasturida koʻzda tutilgan tadbirlar haqida axborot berdi. Qayd etilishicha, oylik 6 boʻlim va 29 banddan iborat dastur asosida onlayn tartibda tashkil etiladi.

Jumladan, dasturning 1-boʻlimida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida “Yosh kitobxon” koʻrik tanlovi barcha bosqichi ishtirokchilarining kitobxonlik targʻibotiga qoʻshayotgan hissasi haqida reportajlar namoyishi, masʼul davlat idoralari rahbarlari, madaniyat, sanʼat, adabiyot, sport sohasi vakillari bilan muloqotlar, kitoblar taqdimoti oʻtkazish koʻzda tutilgan.

Yoshlar bandligini taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish tadbirlarini qamrab olgan ikkinchi boʻlim rejalaridan “Bunyodkor” yoshlar mehnat otryadlari targʻiboti, bemor bolalar uchun qon topshirish aksiyasi, “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi taʼlim granti” gʻoliblarini eʼlon qilish, zamonaviy kasblar boʻyicha mahorat darslarini tashkil qilish, Yoshlar ittifoqi tizimidan rahbarlik lavozimlariga koʻtarilib, el-yurt ravnaqi yoʻlidagi faoliyati bilan namuna boʻlayotgan yoshlar haqida reportajlar namoyishi, harbiy xizmatdan qaytib kontrakt shartnomasi asosida oʻqiyotgan talabalarga moddiy qoʻllab-quvvatlash borasida maxsus sertifikatlar topshirish tadbirlari oʻrin olgan.

Shuningdek, dasturning yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha uchinchi boʻlimiga muvofiq xalqaro moliyaviy savodxonlik haftaligi doirasida oʻtkazilgan masofaviy kursni muvaffaqiyatli tamomlagan hamda Yoshlar ittifoqining sinov amaliyot dasturi ishtirokchilari taqdirlanadi.

Oylik dasturining keyingi boʻlimlarida “Hokim va yoshlar”, “Senator va yoshlar”, “Prokuror va yoshlar”, “Oramizdagi qahramonlar”, “Kuch-qudratimiz – birdamligimizda” mavzularida onlayn muloqotlar, onlayn konsert dasturlari va konferensiyalar tashkil etiladi. “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti hamda “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishonlari tantanali ravishda topshiriladi.