• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

YI bilan videouchrashuvlar boʻlib oʻtdi

Yevropa Ittifoqining “Milliy huquqiy bazani mustahkamlash va Markaziy Osiyo mamlakatlarida biologik xavfsizlik va biologik muhofaza boʻyicha ixtisoslashtirilgan oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish” 53-loyihasi hamda mazkur loyiha doirasida ikkita mobil laboratoriya yetkazib berish va Oʻzbekiston Respublikasining COVID-19ga qarshi kurashish jarayonidagi ehtiyojlarini muhokama qilish boʻyicha YEI vakillari bilan ikkita video uchrashuv oʻtkazildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi, Markaziy Osiyo uchun kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy materiallar boʻyicha ilgʻor tajriba markazlari Mintaqaviy kotibiyati, Virusologiya instituti, Yevropa Ittifoqi, Bundesver mikrobiologiya instituti (Germaniya), Xalqaro ilmiy-texnik markaz (Qozogʻiston), shuningdek, Markaziy Osiyodagi hamkor mamlakatlar milliy koordinatorlari ishtirok etdi.

Muzokaralar davomida Markaziy Osiyo uchun kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy materiallar boʻyicha ilgʻor tajriba markazlarining Mintaqaviy kotibiyati Bundesver mikrobiologiya instituti tomonidan loyiha doirasida ikkita mobil laboratoriyani yaqin muddatlarda yetkazib berilishiga umid bildirdi.

Oʻz navbatida, Virusologiya instituti vakillari loyiha rahbarlariga mobil laboratoriyalar bilan ishlash uchun oʻquv mashgʻulotlarda hamda COVID-19 bilan bogʻliq laboratoriya ishlarini amalga oshirishda zarur boʻladigan asbob-uskunalarga ehtiyoj toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Shundan soʻng loyiha rahbarlari YEI Markaziy Osiyodagi hamkor mamlakatlarda koronavirusga qarshi kurashish uchun 700 000 yevro ajratganini eʼtirof etdi. Milliy koordinatorlar esa mavjud ehtiyojlar haqida soʻz yuritishdi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi milliy koordinatori -

Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi Kimyoviy va bakteriologik qurollarni taqiqlash toʻgʻrisidagi konvensiyaning bajarilishini nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi Otabek Qosimov oʻzining qisqa hisobotida Yevropa Ittifoqi tomonidan ajratilgan moliyaviy yordam doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga favqulodda va rejali ravishda havo va binolar ochiq yuzalarini muntazam dezinfeksiya qilish uchun impulsli ksenon lampali ultrafiolet uskunalari yetkazib berilishi zarurligini taʼkidladi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar loyihani tezkor amalga oshirish boʻyicha faol ishlarni davom ettirishga va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar.

Eslatib oʻtamiz, 53-loyiha hamkor mamlakatlarda milliy manfaatdor tomonlarni jalb qilgan holda biologik xavfsizlik va biologik muhofaza masalalarining ahamiyati haqida xabardorlikni oshirish, shuningdek, ushbu masalalar boʻyicha milliy va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga yoʻnaltirilgan.