• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Yer va mol-mulk soligʻi qarzdorligidan voz kechildi

Davlat rahbarining tegishli farmoniga asosan kichik tadbirkorlik subyektlarining 2020-yil aprel va may oylari uchun toʻlanishi lozim boʻlgan mol-mulk soligʻi va yer soligʻi summalarining hisobdan chiqarilishi hisobiga jami Buxoro viloyatida 159 ta korxonaning 1 milliard soʻmlik yer va mol mulk soliqlari boʻyicha qarzdorligidan voz kechildi.

Viloyat DSB Matbuot xizmatining xabariga koʻra, joriy yilning 1-iyunidan 1-sentyabriga qadar mol-mulk soligʻi va yer soligʻini toʻlashdan ozod qilinishi hisobiga viloyatdagi jami 10 ming 557 ta korxonaning 518 million soʻmlik penya va jarima summalari hisobdan chiqariladi.

Shuningdek, 2020-yilning 1-mayidan 1-iyuligacha boʻlgan davrda mikrofirma va kichik korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha kamaytirilishi hisobiga jami 13 ming 412 ming korxona ixtiyoriga 20,3 milliard soʻmlik mablagʻ qoladi.

Farmonga muvofiq viloyatdagi jami 6 824 ta mikrofirma va kichik korxonalarning 37,5 milliard soʻmlik 2020-yil 15-may holatiga hisoblangan soliqlar, penyalar va soliq qonunchiligini buzganlik uchun hisoblangan jarimalar boʻyicha mavjud boʻlgan qarzdorlikni undirish 2020-yil 1-sentyabrgacha toʻxtatildi.

Shuningdek, mazkur farmonga muvofiq viloyatdagi jami 2 ming 729 ta mikrofirma va korxonalarning 2020-yil 15-may holatida xizmat koʻrsatuvchi banki muassasalarida ijroda boʻlgan 15,6 mingga yaqin 15,3 milliard soʻmlik inkassa toʻlov topshiriqnomalari ijrosiz qaytariladi. Bundan tashqari, 4 ming 121 ta mikrofirma va kichik korxonalarning xizmat koʻrsatuvchi banki muassasalarida ijroda boʻlgan 22 mingga yaqin 24,1 milliard soʻmlik toʻlov topshiriqnomalari ham ijrosiz qaytariladi.