• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

YEI Delegatsiyasi rahbari bilan uchrashuv toʻgʻrisida

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizdagi missiyasini yakunlayotgan Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston Respublikasidagi Delegatsiyasi rahbari, Elchi Eduards Stipraysni qabul qildi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga koʻra, uchrashuvda Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning joriy holati va istiqboli toʻgʻrisida fikr almashildi.

Boʻlajak qoʻshma tadbirlar jadvali, jumladan Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mintaqasida mushtaraklikni va barqaror rivojlanishni mustahkamlash boʻyicha “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” vazirlar konferensiyasini oʻtkazish masalasi koʻrib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, ilm-fan, madaniyat, taʼlim sohasidagi munosabatlarni mustahkamlashga oid amaliy masalalar yechimiga qaratilgan investitsion loyihalar va dasturlarni amalga oshirishda YEI ishtiroki muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

2019-yil yakunlariga koʻra 4 milliard dollarni tashkil etgan oʻzaro savdo aylanmasi hajmini yana-da oshirish zarurligi qayd etildi.

Suhbat oxirida vazir YEI Delegatsiyasi rahbariga samarali faoliyati hamda Oʻzbekiston va Yevroittifoq oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni mustahkamlashga qoʻshgan salmoqli hissasi uchun minnatdorlik izhor etdi.

Eduards Stiprays YEIning Oʻzbekistondagi Delegatsiyasi rahbari sifatidagi faoliyati davomida koʻrsatilgan har tomonlama koʻmak uchun tashakkur bildirdi.