• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Xitoylik tadbirkor: “Oʻzimni oʻzbekdek, Oʻzbekiston farzandidek his qildim”

Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Qaytmas” mahallasida xitoylik tadbirkor Lu Syuy Xaoni koʻpchilik Sasha aka, deb chaqiradi. Hatto ayrimlar uning asl ismini bilmasligi ham mumkin.

Lu Syuy Xao Xitoyda tugʻilgan, oʻsha davlatda voyaga yetgan, oʻqigan. Rizq-nasibasi bizning yurtimizda ham ekan. U oʻtgan yili avgustda “Baxtiyor savdo” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi sifatida oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshladi. Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Qaytmas” mahallasida gʻisht zavodini ishga tushirib, 15 ish oʻrnini yaratdi.

– Men Oʻzbekistonda mehnat qilyapman, topayotgan daromadim ham shu yurt, shu odamlar orqali, – dedi Sasha aka. – Koronavirus pandemiyasi, Buxorodagi tabiiy ofat, “Sardoba” suv ombori fojiasiga odamlarning munosabatini koʻrib, toʻgʻrisi, hayron qildim. Men Xitoyda yashaganman, Rossiyada ham ishlab, istiqomat qilganman. Bunaqa ajoyib xalqni birinchi koʻrishim: oʻzbeklar, oʻzbekistonliklar uchun muruvvat, xayr-saxovat yosh ham, millat ham tanlamas ekan. Men bularni koʻrib tomoshabin boʻlib turolmadim. Qarang, bogʻcha yoshidagi kichkina bolakay qatiqning idishiga yiqqan pulini topshiryapti. «Ey Sasha, dedim oʻzimga oʻzim, qoʻlingdan nima keladi?» 25 mingta gʻishtni Sirdaryoga yuborish qoʻlimdan kelar ekan. Shu ishni qildim. Shunda men oʻzimni oʻzbekdek, Oʻzbekiston farzandidek his qildim. Men shu yurtda oʻzbeklar bilan yashayotganimdan faxrlanaman. Bu balandparvoz gap emas. Men oʻzbeklarga, ularning himmati, muruvvati, oqibatiga havas qilaman!

Sasha aka hayajon bilan ichki kechinmalarini bayon etarkan, 1 million 800 ming AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya kiritib, zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan yangi gʻisht zavodi qurilishi boshlagani va u joriy yilning avgustida ishga tushishini aytdi.

Toshkent viloyati axborot xizmatiga xabariga koʻra, ushbu yangi zavodda 10 nafar kishiga doimiy yangi ish oʻrni yaratiladi va korxona nafaqat tumanda, balki viloyatda ham yirik, yangi texnologiyalar asosida faoliyat koʻrsatadigan gʻisht zavodlaridan boʻladi. Kuniga 200 ming dona gʻisht ishlab chiqaradigan yangi texnologiyalar Xitoydan olib kelinadi.

Ha, Sardobada suv toshqinidan aziyat chekkan vatandoshlarimizga 25 ming dona gʻishtni xayriya qilgan oʻzimizning Sasha aka boʻladi.