• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Xalqimiz balo-qazodan omon boʻlsin

Qoraqalpogʻiston Respublikasi aholisi ham ezgulik, saxovat va muruvvat oyi boʻlgan muborak Ramazon oyini sinovli kunlarga qaramasdan hamjihatlik bilan oʻtkazdi.

Ular Ramazon hayiti bayramini mamlakatimizda joriy etilgan karantin tadbirlari munosabati bilan oila davrasida oʻtkazib, mana shu tinch, farovon, obod turmushga shukronalik qilmoqda. Yurtboshimizning joriy yil 21-maydagi “Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash doirasida joylarda karantin talablariga rioya qilgan holda xayriya tadbirlari oʻtkazilmoqda.

– Prezidentimizning Ramazon hayiti munosabati bilan yoʻllagan tabrigini xalqimiz katta xursandchilik bilan kutib oldi, – deydi Nukus tumani Imamatdin eshon jomeʼ masjidi imom-xatibi Daoʻletboy Alimbetov. – Tabrikda taʼkidlanganidek, asrlar davomida xalqimiz ongida bagʻrikenglik, mehr-muruvvat, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, mustahkam iroda kabi ibratli fazilatlarni shakllantirishda tabarruk Ramazon oyiga xos qadriyatlarning oʻrni va taʼsiri albatta beqiyos.

Bayram munosabati bilan Qoraqalpogʻiston musulmonlari qoziyati qozisi tomonidan muborak Ramazon hayiti tabrigi oʻqilib, uni barchamiz ijtimoiy tarmoqlar orqali toʻgʻridan-toʻgʻri tingladik. Yurtimizda oylarning eng ulugʻi, oylarning sultoni, Ollohning muborak kitobi nozil boʻlgan oy, fazilati tomonidan boshqa oylardan afzal Ramazon oyi yakunlandi. Ushbu muborak oyni xalqimiz Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan berilgan koʻrsatmalarga qatʼiy amal qilgan holda oʻtkazdi. Olloh nasib qilib, Ramazon hayiti muborak kuniga omonlikda yetdik. Mazkur oyda qilgan yaxshiliklarimiz, ibodatlarimiz, qilgan xatmi qurʼonlarimiz, savobli ishlarimiz Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam sunnatiga mos holda qilinganini Allohdan oʻtinib soʻraymiz.

Ramazon oyi rahmat, mehr-muruvvat oyi hisoblanadi. Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam Ramazon xutbalaridan birida: “...bu sabr oyi, Sabrning savobi jannatdir. Bu koʻmak va yordam oyi. Bu oyda moʻminning rizqi koʻpaytiriladi”, deb marhamat qilgan.

Nukus tumani hokimligi, tadbirkorlar, saxovatpesha insonlar, yoshlarimiz tomonidan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati qoʻllab-quvvatlanib, xayriya tadbirlari amalga oshirildi. Muborak Ramazon oyi kunlarida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy filiali tomonidan ehtiyojmand 170 ta oilaga, muborak Ramazon oyi munosabati bilan 55 ta oilaga oziq-ovqat mahsulotlaridan moddiy yordam berildi.

Yurtimiz tinchlik, xalqimizni har qanday balo-qazolardan Alloh taoloning oʻzi asrasin!