• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Xalqaro moliya korporatsiyasi va YETTB Qoʻqon superfosfat zavodini zamonaviylashtirishga yordam beradi

“Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals”, Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) oʻrtasida umumiy qiymati 25 million dollarga teng boʻlgan kredit bitimini imzolash marosimi videokonferensaloqa shaklida boʻlib oʻtdi.

Imzolash marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, XMKning Yevropa, Lotin Amerikasi va Markaziy Osiyo boʻyicha vitse-prezidenti Jorjina Beyker, YETTBning ishlab chiqarish va xizmatlar departamenti direktori F.Lyusent, Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori, “Indorama Corporation” ijrochi direktori Amit Loxiya va boshqa tegishli vakillar ishtirok etdi.

Teng ulushlarda ajratilgan XMK va YETTB kredit mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolatlaridan foydalanmagan holda xorijiy investorga taqdim etiladi va “Qoʻqon superfosfat zavodi” AJni zamonaviylashtirishda “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals”ning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladi.

Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda issiqxona ekinlari uchun suvda eruvchan oʻgʻitlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi va superfosfat ishlab chiqarish hajmi yiliga 100 ming tonnadan 350 ming tonnagacha oshiriladi. Ikkinchi bosqichda dikalsiy fosfat, kaliy sulfat va sulfat kislota kabi yangi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Marosimda iqtisodiyot tarmoqlarini isloh qilish, kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirish, korporativ sektorni rivojlantirish, davlat aktivlarini xususiylashtirish va respublikaga investitsiyalarni jalb etishda XMK va YETTB tomonidan muntazam qoʻllab-quvvatlanayotgani uchun Oʻzbekiston Respublikasi hukumati nomidan alohida minnatdorlik bildirildi.

“Qoʻqon superfosfat zavodi”ni zamonaviylashtirish loyihasi davlat aktivlarini samarali va oshkora xususiylashtirish namunasi hamda Oʻzbekistonda xorijiy investorning “success story”sining namoyishi boʻlib xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi.

XMK ushbu loyihani moliyalashtirishdan tashqari, “Indorama” kompaniyasiga oʻgʻitlarni tarqatish tizimini ishlab chiqish va tashkil qilishda maslahat koʻmagini beradi va fermerlarga yer sifatini boshqarish sohasida texnik yordam koʻrsatadi.

XMK vitse-prezidenti Beyker xonimning soʻzlariga koʻra, ushbu loyiha mahalliy fermerlar ehtiyojlari qondirish va eksport qilish uchun yuqori sifatli oʻgʻitlar ishlab chiqarish hajmini oshiradigan innovatsion energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hisobiga Oʻzbekistonning kimyo va qishloq xoʻjaligi sohalarini yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi.

“Biz fermerlarning ish faoliyatini sezilarli darajada yaxshilay oladigan, ish oʻrinlari yarata oladigan, mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini oshiradigan va umuman, investitsiya muhitini yaxshilay oladigan «Indorama Corporation” kabi kompaniyalar xususiy investitsiya jalb etish orqali Oʻzbekistonga koʻmaklashishda davom etishiga erishishni rejalashtirmoqdamiz», - dedi XMK vitse-prezidenti.

Oʻz navbatida YETTB departamenti direktori F.Lyusent mazkur bank davlat korxonalari va banklarni xususiylashtirish boʻyicha maslahat xizmatlari koʻrsatish, shuningdek, Respublikada bank kredit portfelini xususiy sektorga urgʻu bergan holda kengaytirish orqali Oʻzbekistonga yordam koʻlamini kengaytirish niyatida ekanini qayd etdi.

Maʼlumot oʻrnida: “Qoʻqon superfosfat zavodi” AJ 1935-yilda tashkil etilgan boʻlib, kompaniya faoliyati Qizilqum fosforit kombinatining “Toshqura” koni fosforitlaridan mineral oʻgʻit ishlab chiqarish edi. 2019-yilda zavod aksiyalarining 96 foiz “Indorama Corporation” tomonidan sotib olindi.

“Indorama Corporation” - dunyoning 35 dan ortiq mamlakatida oʻgʻit, polimer, polimer xom ashyosi, toʻqimachilik, tola va tibbiy qoʻlqopsingari turli xil mahsulotlar ishlab chiqaruvchi, 40 000 dan ortiq odam ishlaydigan shoʻba korxonalari va filiallariga ega boʻlgan Osiyodagi kimyoviy sanoat sohasida yetakchi xoldinglardan biridir. Tuzilma Saxara janubida joylashgan Afrika mamlakatlarida eng yirik mineral oʻgʻit ishlab chiqaruvchi, Gʻarbiy Afrikadagi eng yirik poliolefin ishlab chiqaruvchi va dunyoda uchinchi yirik sintetik qoʻlqop ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi.

Shuningdek, kompaniya paxta va sintetik iplarni integrallashgan ishlab chiqaruvchi hamdir.