• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Ukraina elchisi bilan uchrashuv

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Ukrainaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Nikolay Doroshenkoni qabul qildi.

Vazir ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilar ekan, Elchini ushbu lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va unga Oʻzbekiston - Ukraina oʻzaro manfaatli aloqalarini mustahkamlashdagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Uchrashuvda turli sohalarga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, turizm, taʼlim, tibbiyot va boshqa sohalardagi munosabatlarni rivojlantirishga alohida urgʻu berildi.

Qoʻshma tadbirlarni, jumladan har tomonlama hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston - Ukraina Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisini oʻtkazish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Suhbat chogʻida koronavirus pandemiyasi ikki tomonlama savdo aylanmasi koʻrsatkichlariga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston va Ukraina ishbilarmon doiralari, savdo-sanoat palatalari va hududlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi eʼtirof etildi.

Tomonlar qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirishga, fan, texnika va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga tayyor ekanliklarini maʼlum qildilar.

Muzokaralarda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.