• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Turizm vazirlarining V yigʻilishi

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (TTDHK) Turizm vazirlarining V yigʻilishi videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtdi.

Mazkur onlayn uchrashuvda TTDHK Bosh kotibi Bagdad Amreyev, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov, Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Ersoy, shuningdek, kengash tarkibidagi boshqa mamlakatlar turizm sohasi rahbarlari qatnashdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 14 senyabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining tuzilishi toʻgʻrisidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonunni imzolagan edi. 2019-yil 15-oktyabr kuni Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida boʻlib oʻtgan TTDHK sammitida Oʻzbekiston Respublikasi toʻlaqonli aʼzo sifatida qatnashdi va tadbirda davlatimiz rahbari ishtirok etdi.

Videoanjuman ishtirokchilari turizm sohasining “COVID-19” pandemiyasi sharoitidagi holati, Kengash mamlakatlarining turizm sektorini jonlantirishga doir tajribasi, Turk kengashiga aʼzo davlatlar oʻrtasida sayyohlik almashinuvini tiklashga oid chora-tadbirlar hamda davlatlarning sayyohlik yoʻnalishlarini ilgari surishga qaratilgan turli loyiha va tashabbuslarni muhokama qilishdi.
TTDHK Bosh kotibi Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyatiga Tashkilotga aʼzo davlatlarning turistik shaharlari boʻylab tayyor turpaketlar tizimini koʻzda tutuvchi “Zamonaviy Ipak yoʻli” loyihasidagi ishtiroki uchun alohida minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u mamlakatimizning boy tarixiy madaniy merosi va ulkan turistik salohiyatini eʼtirof etib, koʻp tomonlama turistik loyihalarni rivojlantirishga turtki berishiga ishonch bildirdi.
– Oʻzbekiston oʻzining turizm sohasidagi yoʻnalishlari va qadimiy obidalari bilan dunyoga tanilgan, – dedi Bagdad Amreyev. – Mamlakat bebaho tarixiy merosga ega.

Aziz Abduhakimov ishtirokchilarga Oʻzbekistonda turizm sohasini qoʻllab-quvvatlovchi chora-tadbirlar va dasturlar haqida soʻzlab berdi. Prezidentimizning joriy yil 28-maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni va “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mohiyati bilan batafsil tanishtirdi.
– Bugungi kunda epidemiologik jihatdan barqaror davlatlarning aksariyati bilan parvozlar va sayyohlar qabulini tiklashga doir muzokaralar boshlangan, – dedi A.Abduhakimov. – Xususan, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Xitoy va Isroil davlatlari turistik biznes vakillari zarur tashkiliy masalalar ishlab chiqilgan taqdirda, yaqin oylarda oʻz sayyohlarini Oʻzbekistonga yuborishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
“Uzbekistan. Safe travel guaranteed” xavfsizlik tizimi doirasida xorijiy turistlar mamlakatimiz hududidagi sayohati davomida koronavirus yuqtirib olgan taqdirda, 3000 AQSH dollari miqdorida kompensatsiya toʻlanadi.

Ularning davolanishi qoplanishi, qolaversa, har bir olib kelingan xorijiy sayyoh uchun mahalliy turistik kompaniyalarga 15 AQSH dollari miqdorida subsidiya berilishi hamda turizm sohasi subyektlari tomonidan olingan kreditlar foiz toʻlovlarining subsidiyalanishi, asosiy qarz toʻlov muddati 1,5-2 yilga uzaytirilishi, turli soliq imtiyozlari berilishi va shu kabi boshqa tashabbuslar amalga oshirilayotgani ham aytib oʻtildi.

Anjuman qatnashchilari eʼtiboriga “oʻz vaqtida buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino ilmiy asoslangan “Fi tadbiri al-musofirin” – “Sayohatchilar uchun tadbirlar” metodik qoʻllanmasida xavfsiz sayohatga oid tadbirlar, sanitar-gigenik qoidalar haqida soʻz yuritgani va shu tariqa karantin rejimi hamda sanitariya qoidalariga asos solgani" toʻgʻrisidagi qimmatli maʼlumotlar ham havola etildi.

Tadbir ishtirokchilari turizm sohasini tezkor tiklashga doir choralar hamda sohani rivojlantirishda foydalanilayotgan yangi jihozlar, xususan, “Uzbekistan. Safe travel guaranteed” sanitar-epidemiologik xavfsizlik tizimi hamda Andijon, Buxoro va Urganch aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimining kengaytirilishi, shuningdek, respublika boʻyicha turli turistik zonalarning rivojlanish mexanizmlarini yuqori baholashdi.

Bundan tashqari, Bosh vazir oʻrinbosari turizmni raqamlashtirishni yaxshilashga doir loyihani amalga oshirish zarurati haqida soʻz yuritdi.
Shuningdek, Qoʻmita rahbari 2020-yilda Xiva shahri turk dunyosining madaniy poytaxti, deb eʼlon qilinganini ham alohida taʼkidlab oʻtdi.
Tadbir yakuniga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi tashabbusi hamda konferensiya ishtirokchilarining qoʻllab-quvvatlashi bilan TTDHK turizm masalalari vazirlarining keyingi – VI yigʻilishini 2021-yil Oʻzbekistonda oʻtkazishga doir kelishuvga erishildi.