• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Tumanda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchi tadbirkorlik subyektlari soni 1373 taga yetdi

09.07.2019

Joriy yildan yangi soliq konsepsiyasi amaliyotga joriy etilishi nafaqat biznes vakillari, balki, fuqarolar ish bilan band boʻlishi va daromadi oshishiga xizmat qilmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, jismoniy shaxslarning daromad soligʻi va ijtimoiy toʻlovlar stavkasi keskin kamaytirilgani natijasida joriy yilning oʻtgan davrida Olmazor tumanida 9 mingdan ziyod yashirin ish oʻrinlari legallashtirildi.

Maʼlumki, 2019-yil 1-yanvardan boshlab, oʻtgan yil yakunlari boʻyicha yillik aylanmasi (tushumi) 1 mlrd. soʻmdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalar umum belgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtkazildi. Mazkur tajriba ham oʻzining ijobiy samarasini berib, Olmazor tumanida oʻtgan yili qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari 86 tani tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilning 5-iyul holatiga bu koʻrsatkich 1373 taga yetdi.

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan poytaxtimizning Olmazor tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun koʻrgazmali seminar tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27-iyundagi “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5755-sonli Farmoni mazmun-mohiyati koʻrgazmali slaydlar hamda stendlar yordamida batafsil tushuntirildi.

Farmonga koʻra, 2019-yil 1-avgustdan boshlab, kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi 100 million soʻmdan oshgan, biroq bir milliard soʻmdan koʻp boʻlmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq toʻlovini toʻlashga oʻtishi belgilandi.

Misol uchun, xalqimiz orasida “paynetchilar” nomi bilan mashhur tadbirkorlar amaldagi qonunchilikka asosan 100 mln. soʻm tushumdan 4 foiz (4 mln. soʻm) yagona soliq toʻlovi toʻlashardi. Joriy yilning 1-avgustidan boshlab, 100 mln. soʻm tushumining 2,5 foiz xizmat haqidan 25 foiz (625 ming soʻm) yagona soliq toʻlovini toʻlaydigan boʻlishdi.

Seminarda tadbirkorlik subyektlari soliq qonunchiligi boʻyicha savollarga tezkor javob olishlari uchun Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining 71-244-54-86 raqamiga qoʻngʻiroq qilishlari yoki “Telegram” ijtimoiy tarmogʻidagi rasmiy kanali (@Toshkent_sh_DSB)ga murojaat qilishlari mumkinligi eslatib oʻtildi.

Manba: O'zA