• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Toshkentda 8-iyundan boshlab avtobuslar harakati tiklanadi

Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq, joriy yilning 8-iyun kunidan boshlab “sariq” va “yashil” toifasiga kiruvchi hududlarda, shu jumladan, Toshkent shahrida avtobus yoʻnalishlari faoliyatini qayta tiklash belgilandi.

Bugungi kunda, “Toshshahartransxizmat” AJ tarkibiga kiruvchi jami 16 ta avtokorxonalarga (shundan 8 ta avtobus saroylari va 8 ta xususiy tashuvchilar) jami 152 ta avtobus yoʻnalishlari (shundan 135 tasi avtobus saroylariga va 17 tasi xususiy korxonalarga) biriktirilgan boʻlib, ushbu yoʻnalishlarga reja boʻyicha jami 1230 ta avtobuslar (shundan 1121 ta avtobus saroylari boʻyicha va 109 ta xususiy korxonalar boʻyicha) ishga chiqarilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Maxsus komissiya bayoni qarori talablaridan kelib chiqqan holda, 2020-yilning 8-iyun kunidan boshlab “Toshshahartransxizmat” AJ tarkibiga kiruvchi avtokorxonalar tomonidan 131 ta yoʻnalishlarga 1067 ta turli rusumdagi (Mersedes Bens, MAN, SAZ va Isuzu) avtobuslar ishga chiqariladi.

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq, Toshkent viloyatining Qibray, Toshkent, Zangiota tumanlari “qizil” hudud deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan avtokorxonalarga biriktirilgan – Toshkent viloyatining yuqorida keltirilgan tumanlari hududigacha harakatlanuvchi 21 ta (8t, 9, 16, 25, 42, 56, 65, 74, 84, 101, 103, 115, 120, 134, 135, 144, 145, 148, 188, 198, 199-sonli) avtobus yoʻnalishlari vaqtinchalik faoliyat yuritmaydi.

Yoʻlovchilar tashish uzluksizligini taʼminlash maqsadida 3 ta (75, 106, 160-sonli) avtobus yoʻnalishlarining faoliyati faqatgina Toshkent shahri hududida Toshkent viloyati hududiga harakatlanmagan holda tashkil etiladi.

Faoliyati qayta tiklanadigan yoʻnalishlarning harakati Maxsus komissiya bayoni qaroriga koʻra, soat 6:00 dan 22:00 gacha tashkil qilinadi.

Barcha avtobus saroylari rahbarlari tomonidan yoʻnalishlarning soʻnggi bekatlarida navbatchilik tashkil qilinadi.

Yoʻnalishlarning soʻnggi bekatlarida avtobuslarni doimiy ravishda har bir qatnovga joʻnashdan oldin toʻliq dezinfeksiya qilinadi.

Haydovchilar tibbiy niqob va qoʻlqoplar bilan taʼminlanadi va oʻz vaqtida almashtirilishi taʼminlanadi.

Avtobuslar saloniga faqatgina tibbiy niqobdagi yoʻlovchilarni kiritiladi.