• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Toshkent va Andijon shaharlarida firibgarlar ushlandi

DXX xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi Departament vakillari bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbiri davomida Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi qoshidagi Iqtidorli bolalar akademik litseyi katta oʻqituvchisi “A.A.” oʻzganing ishonchiga kirib, firibgarlik yoʻli bilan undan 5000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, “A.A.” ushbu pul evaziga muqaddam mazkur litseyda oʻqigan fuqaroni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Oʻzbekiston davlat konservatoriyasiga oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgan.

Shuningdek, Andijon viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida esa Andijon shahrida yashovchi “B.M.” Jalaquduq tumanida istiqomat qiluvchi, muqaddam taʼlim sohasida ishlagan fuqarodan 1500 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, u Andijon davlat universitetida ishlovchi tanishi orqali Xoʻjaobod tumanida pedagog xodimlar uchun imtiyozli kredit asosida berilishi moʻljallangan 2 sotixlik namunaviy uylardan olishga koʻmaklashishni vaʼda qilib, jabrlanuvchidan 3000 AQSH dollari talab qilgan va kelishilgan summaning yarmini avvaldan olmoqchi boʻlgan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining 168- va 28,211-moddalariga asosan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari doirasida ushbu ishlarga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.