• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Tadbirkor islohotchi boʻlsa, kambagʻalchilik oʻz-oʻzidan qisqaradi – Shavkat Mirziyoyev

Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyati faollari bilan oʻtkazilgan yigʻilishda viloyatda “Tadbirkor – islohotchi” tashabbusi amalga oshirilishini taʼkidladi.

Bu tashabbusning mazmun-mohiyati haqida qisqacha maʼlumot bergan edik. Loʻnda qilib aytganda, Bosh vazir oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov boshchiligidagi mutasaddi tashkilotlar rahbarlaridan iborat guruh har oʻn besh kunda bir marta Fargʻona viloyatidagi barcha islohotlarga koʻmakchi boʻlayotgan tadbirkorlarning dardini eshitadi, muammolarini hal qiladi.

Prezidentning qayd etishicha, bundan buyon viloyatdagi tuman va shaharlar toʻrtta sektorlari rahbarlari barcha ishini yigʻishtirib qoʻyib, haftada bir kun faqat tadbirkorlar bilan muloqot qiladi. Shu orqali har bir sektor hududida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarning muammolari oʻrganilib, hal qilinadi. Natijada tadbirkorlar oldida imkoniyat paydo boʻladi, bundan foydalangan tadbirkorlar bir qadam oldinda yuradi.

– Fargʻona shahrida, Margʻilonda, Qoʻqonda, Quvasoyda, Qoʻshtepada uddaburon, ishbilarmon tadbirkorlar bor. Lekin ularni eshitishga rahbarlarning sabr-toqati yoʻq, goʻyoki ishi koʻp. Lekin tadbirkor bizni boqayapti, tadbirkor islohotlarni amalga oshiryapti, tadbirkor odamlarni ish bilan taʼminlayapti, tadbirkor soliq toʻlayapti. Shuni inobatga olib, Bosh vazir oʻrinbosarlari S.Umurzoqov va J.Qoʻchqorov boshchiligidagi rahbarlar Fargʻona tadbirkorlarining muammolarini manzilli oʻrganib, chora-tadbir qabul qiladi. Agar tadbirkor islohotchi boʻlsa, kambagʻalchilik oʻz-oʻzidan qisqaradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.