• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Soʻx obod va farovon tumanga aylanadi

Fargʻona viloyati Soʻx tumani tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Xususan, chashma bulogʻi ham shunday. Bu yerda azaldan ahil-inoq va oʻzaro totuvlikda yashab kelayotgan oʻzbek, tojik va qirgʻiz xalqlari shu buloq suvidan birday foydalanadi.

Maʼlumki, isteʼmolga yaroqli suvning oʻrtacha qattiqligi 7-8 darajada boʻlishi talab etiladi. Koʻp yillik laboratoriya tadqiqotlari natijasida Soʻx chashmasi suvining qattiqligi 1,8-2 darajada ekani isbotlangan. Shuning uchun soʻxliklarning bu suvga mehri boʻlakcha. Maʼlumotlarga qaraganda, bugungi kunda tuman aholisi 4 ta buloq, asosan, Chashma qishlogʻidagi buloq suvidan isteʼmol qiladi.

Sobiq ittifoq davrida qoʻshni davlat bilan chegara hududdagi mazkur buloq joylashuvi boʻyicha hujjatlarda aniqlik kiritilmagan. Shu sababli mustaqillikdan soʻng bu maskan bahsli hududga aylanib, ikki mamlakat fuqarolari oʻrtasida suv talashish oqibatida kichik-kichik mojarolar boʻlib turgan.

Joriy yil 31-may kuni “Chashma” uchastkasida ham shunday nizo kelib chiqdi.

Davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov voqea sodir boʻlgan kuni Soʻxga yetib keldi va vaziyat toʻliq nazoratga olindi. Ikki davlat delegatsiyalari uchrashib, hamkorlikda mazkur masala yechimini muhokama qilishdi. Hududda vaziyat barqarorlashiga erishildi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Soʻx tumanidagi chegara bilan bogʻliq masalalar, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar ana shu mojaro sabab kun tartibiga chiqdi.

–Chashma qishlogʻida noxush voqealar sodir boʻlib, bir qancha odamlar aziyat chekdi, – deydi Fargʻona davlat universiteti oʻqituvchisi, Soʻx tumanilik Rahmatjon Arslonzoda. – Oʻn yilga yaqin chegaralar yopiq boʻlib, koʻp qiyinchiliklarni koʻrdik. Prezidentimiz qoʻshni davlatlar bilan mustahkam hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, chegaralarni ochib berdi. Bundan barchamiz juda minnatdormiz. Albatta, muammo bor. Lekin uning yechimi biz oʻylagandek oson emas. Bu davlatlararo munosabatlar bilan bogʻliq boʻlib, uni hissiyotga berilib hal qilishning iloji yoʻq. Davlat rahbarlari muzokaralar asosida tinchlik yoʻli bilan bu muammoga yechim topishadi. Qirgʻizlar, oʻzbeklar va tojiklar azaldan oʻzaro tinch-totuv, quda-anda boʻlib yashab kelgan. Bundan keyin ham shunday boʻladi.

Darhaqiqat, qariyb 80 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgan tumandagi asosiy muammo – bu chegara bilan bogʻliq. 2013-yilda Rishtondagi nazorat oʻtkazish punkti yopilganidan soʻng soʻxliklarning viloyat markaziga borib kelishi yana-da qiyinlashdi. Xususan, Fargʻona shahriga borish uchun ikki davlat hududidagi bir necha chegara va bojxona nazoratidan oʻtish juda azob. Qoʻshni davlat hududida harakatlanish chogʻidagi tekshiruvlarni gapirmasa ham boʻladi. Soʻx aholisi oʻzlari uchun qulay va yaqin boʻlgan Rishton tumani hududi orqali yoʻl ochib berish masalasini koʻtarishmoqda. Shu oʻrinda chegara bilan bogʻliq bu masala boʻyicha hukumatimiz bir necha yildan buyon ish olib borayotganini alohida taʼkidlash lozim. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan ikki davlatning chegaradosh viloyatlari hokimlari kengashi majlislarida bu kabi masalalarga eʼtibor qaratilib, hal etish yoʻllari muhokama qilinmoqda. Rishton hududi orqali chegara postini ochish masalasi ham zudlik bilan hal etiladigan jarayon emas. Umuman olganda, chegara bilan bogʻliq ishning oʻziga xos tartib-qoidalari bor.

Bosh vazir A.Aripov Soʻx tumani aholisi bilan boʻlgan uchrashuvda hududdagi barcha muammolar hal etilishini alohida taʼkidladi. Shuningdek, barcha vazirlik va viloyat boshqarmalarining rahbarlari tumanga kelib, aholining taklif va muammolarini oʻrgandi. Hozirda turli masalalarning yechimi borasida chora-tadbirlar dasturi va “Yoʻl xaritasi” tayyorlanmoqda.

“Chashma”da yuz bergan voqeadan avvalroq, yaʼni joriy yil 20-may kuni Soʻx tumani hokimi F.Oʻsarov vazifasidan ozod qilingan edi. 3-iyun kuni boʻlib oʻtgan Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi vazifasida ishlab kelayotgan Sayidbahrom Sayidmusayev tuman hokimi etib tayinlandi. Unga ishonch bildirilib, zimmasiga koʻplab vazifalar qoʻyildi.

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda chegara hududda boʻlgan mojaro turlicha talqin etilayotgani odamlarni chalgʻitmoqda. Undan baʼzi bir gʻarazli maqsaddagi kishilar foydalanib qolishga, turli uydirmalarni tarqatishga harakat qilishayotgani tashvishlanarlidir. Soʻxliklar Prezidentimizning alohida eʼtibori va gʻamxoʻrligini hamisha his qilib yashamoqda. Hayotiy tajribaga ega boʻlmagan toʻrt-besh nafar yoshlarning xitoblariyu qiyqirigʻini butun xalqning ovozi deb qabul qilmaslik kerak. Axir viloyat hokimligi tomonidan davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida tizimli ravishda tuman aholisini ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish borasida amalga oshirilgan ishlarni kim inkor eta oladi?! Joriy yilning oʻzida viloyat hokimi bir necha bor tumanda aholi bilan muloqot qilib, tabiiy gaz, uy-joy bilan taʼminlash masalalarida yordam koʻrsatdi.

–Hozir hukumatimiz saʼy-harakati bilan tumanimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yechim izlanmoqda, – deydi Tul qishlogʻida yashovchi mehnat faxriysi Olimjon Dadaxonov. – Bandlik, taʼlim, tibbiyot kabi sohalarda koʻp ishlar qilinishi kerak. Shuni taʼkidlamoqchimanki, Chashma qishlogʻida roʻy bergan mojaroga siyosiy tus bermaslik kerak. Baʼzi yoshlarimizning voqea sodir boʻlgan kuni hissiyotga berilib ketganini hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi. Yoshi ulugʻ inson sifatida aytamanki, har qanday vaziyatda bosiqliq va vazminlik katta ahamiyatga ega. Ayrim yoshlarimiz odob-axloq doirasidan chiqib, xalqning nomidan fikr bildirishga haqqi yoʻq va buning uchun ular nomidan uzr soʻrayman.

Bugun Soʻx tumani katta oʻzgarishlar va yangilanishlar boʻsagʻasida. Investitsiya dasturi boʻyicha joriy yil davomida qiymati 101 milliard sӯm bӯlgan 73 ta loyiha amalga oshiriladi. Buning natijasida 4 ming 500 ta ish oʻrni yaratiladi. Tijorat banklari esa tadbirkor va aholiga imtiyozli kreditlar taqdim etadi. Xususan, soʻxlik tadbirkorning sement zavodi qurish boʻyicha tayyorlangan loyihasi qoʻllab-quvvatlandi. 6 ta mahalla fuqarolar yigʻinida kichik sanoat hududlari tashkil etiladi. Tuman markaziy shifoxonasi va qishloq vrachlik punktlari zamonaviy taʼmirlanib, barcha jihozlar bilan taʼminlanadi. Tumanda oliy maʼlumotli kadrlar yetishmovchiligi inobatga olinib, soʻxlik yoshlarning oliy ӯquv yurtlariga qabul qilinishi boʻyicha kvota ajratish masalasi koʻrib chiqilyapti. Ichimlik suvi va sugʻorish masalasini ham hal etish tadbirlari belgilanmoqda.

Soʻx yurtimizning eng obod va farovon maskaniga aylanib, bu kabi ulugʻvor ishlarning natijasi odamlar hayotida aks etishiga shubha yoʻq. Buning uchun tinchlik-totuvlik, oʻzaro tushunish va ezgu maqsad yoʻlida sidqidildan mehnat qilish talab etiladi, xolos.