• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Shayx hazratlarining Belarusdagi masjidga va Checheniston prezidentlariga qanday aloqasi bor?

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tashabbusi bilan Belarusda masjid qurilganini bilasizmi? Shayx hazratlarining uzoq yillik ayriliqdan soʻng Oʻzbekistonga qaytishlariga nima sabab boʻlgan? Dunyoga mashhur boʻlgan oʻzbek islom ilmi ulamosining hayot yoʻllari haqidagi suhbatning navbatdagi qismini hukmingizga havola etamiz.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1993–2001-yillar orasida yurt tashqarisida umr kechirdi. Dastlabki bir yarim yil Makkai Mukarramada, 1994-yil noyabridan 2001-yilgacha Liviyada istiqomat qilgan edilar. Hazratning Vatandan yiroqda boʻlgan yillari, arab olamining islomiy ulamolari bilan munosabatlari va Checheniston prezidentlari bilan aloqalari haqida u kishining farzandi Ismoil Muhammad Sodiq bizga hikoya qilib berdi.

- Shayx hazratlarining hijratdagi yillari qanday kechgan edi?

- Shayx hazratlari xorijda yashagan davrlarida koʻplab islomiy tashkilotlarning anjumanlarida qatnashganlar. Agar loʻnda qilib aytadigan boʻlsak, Islom yurtlaridagi anjumanlarda Sobiq Ittifoq hududidan vakil sifatida qatnashganlar. Sobiq ittifoq mamlakatlari musulmonlari muammolarini ana shu davralarda, yigʻinlarda koʻtarishga harakat qilganlar. Mayeeai Mukarramadagi Butun dunyo islom olami uyushmasida uzoq yillar davomida Sobiq ittifoq boʻyicha maslahatchi lavozimida va shu tashkilotning taʼsis majlisi aʼzosi sifatida ham xizmat qilganlar. U kishi Markaziy Osiyo va Sobiq ittifoq davlatlaridagi musulmonlarni arab olami islom ulamolari bilan bogʻlab turuvchi koʻprik boʻlganlar, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Hozirgi kunda turli musulmonlar tashkiloti rahbarlari buni eʼtirof etadilar va koʻp voqealarni xotirlab turadilar. Ularni mintaqa islom olimlarini bogʻlab turuvchi koʻprik boʻlganlar, deyishimizga yana bir sabab shuki, ular Sobiq ittifoq davrida mazkur hududda yagona hisoblangan Imom Buxoriy nomidagi Islom institutida uzoq yil mudarris boʻlganlar. Keyinchalik mudir noibi va mudir boʻlib ham ish yuritganlar. Shu vaqtda Sobiq ittifoqdagi barcha musulmon olimlari mana shu maskandan yetishib chiqqan. Toshkentdagi Islom institutida Tatariston, Boshqirdiston, Kavkaz davlatlari, Dogʻiston kabi Sobiq ittifoqdagi musulmonlar tahsil olganlar. Shayx hazratlari ularning ayrimlari bilan ustoz-shogirdlik aloqalari boʻlgan va ayrimlari bilan birga oʻqiganlar. Shu sababli ham xorijga chiqqanlarida koʻpchilikni tanir edilar. Oʻzaro aloqalari keyinchalik ham davom etib turgan.

Checheniston Respublikasining bugungi kundagi Prezidenti Ramzan Qodirovning otasi Ahmad Qodirov bilan aloqalariga kelsak, yuqorida aytib oʻtganimdek, Ahmad Qodirov Toshkentdagi Islom institutida oʻqigan. U oʻqigan vaqtlarida hazratga shogird hisoblangan. Ahmad Qodirov Chechenistonning birinchi Prezidenti boʻlgan vaqtlarida ham hazrat bilan aloqalari yaxshi boʻlgan va koʻp narsada Shayx hazratlari bilan maslahatlashib turar edi. Ramzan Qodirov hazratga otasining ustoziga, doʻstiga boʻlgan munosabatini namoyon qilib, doim aloqada boʻlib turgan”.

- Shayx hazratlarining Vatanga qaytishlariga nima sabab boʻlgan? Ularga ortiq tahdidlar yoʻqligini qanday bilgan edilar?

“Shayx hazratlarini Vatanga qaytishlari sababini koʻpchilik biladi. 2000-yillarda Samarqandda oʻtayotgan press-konferensiyada adashmasam “Ozodlik” yoki “Amerika ovozi” radiosi muxbiri amaldagi Birinchi Prezident Islom Karimovga savol bergan: “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Oʻzbekistonga qachon qaytadi yoki qaytib kelsa boʻladimi?” degan mazmunda. Islom Karimov: “U kishikelishi mumkin, Shayxning qaytishiga hech qanday monelik yoʻq”, deya javob bergan. Shundan soʻng hazrat qaytishga harakat qilganlar. Maslahatlar asosida hazrat 2000-yil boshida Oʻzbekistonga qaytib kelganlar. Bir hafta turib, bir yil oʻtgach, butunlay qaytib kelganlar va faoliyatlarini shu yerda davom ettirganlar.

Shayx hazratlari doim Vatanga qaytishni xohlaganlar va doimo Vatanning oʻyi bilan yashaganlar. Oʻsha vaqtdagi butun yozgan asarlarini oʻzbek xalqining taʼlim tarbiyasi uchun kelajakda boʻlsa ham sharoit boʻlganda nashr etiladi deb yozib borganlar. Ular faqatgina oʻzbek tilida ijod qilganlar. Oʻzlari xorijda boʻlsalar ham, fikrlari doim Oʻzbekistonda boʻlgan. Oʻzbek xalqini islomiy ilmi, taʼlim-tarbiyasi uchun xizmat qilganlar. Faqat kitob yozish emas, balki oʻsha vaqtlarda “Ozodlik”, “VVS”, “Amerika ovozi” oʻzbek yoki rus tilida eshittirishlar beradigan radiolar orqali dolzarb boʻlgan masalalarda chiqishlar qilib turganlar. Saudiyada istiqomat qilgan damlarida Umra yoki Haj uchun borgan oʻzbek hamyurtlari bilan muloqot qilib turganlar.

Yaqinda bir voqea boʻldi nashriyotimizning katta muharriri Ahmad Muhammad Tursun Shayx hazratlari bilan xijratda birinchi uchrashganlarini xotirladilar. Shunda hazrat men bilan koʻrishib, birinchi soʻragan savollari “Xalqning ahvoli qanday, musulmonlarning ahvoli qanday?”, deganlarini taajjub bilan esladilar. Ota-ona va yaqinlarini emas, birinchi xalqni soʻragan edilar deb xotirlab aytib berdilar. Albatta, ota-ona va qarindosh-urugʻning oʻz oʻrni bor. Hazrat ulardan doim xabar olib turganlar lekin, gʻamlari xalqimiz, musulmonlarimiz boʻlgan.

Hazrat vafot etganlariga 5 yildan oʻtdi. Bu muddat ichida xorijlik musulmonlarning Oʻzbekistonga kelishi koʻpaydi. Bugungi kunda ziyorat turizmi yoʻlga qoʻyildi. Shuning orqasidan hazratni yoʻqlovchilar ham ziyoratga kelishdi. Kelganlar albatta biz bilan koʻrishadi, hazratning qabrlarini ziyorat qilishga harakat qilishadi. Undan tashqari, oʻzim ham ilmiy anjuman va tadbirlar munosabati bilan chet el safariga chiqib turaman, safarlar jarayonida hazratni yaxshi taniganlar bilan uzoq doʻstona munosabatda boʻlganlar bilan ham koʻrishamiz. Hazratning vafotlaridan keyin biz ham hazrat haqidagi xotiralarni imkon darajasida yigʻib borishga harakat qilamiz. Xotiralarni tasvirga olib bir munchasini jamlab ham qoʻyganmiz. Koʻp muloqotlarda hazratninn islom olami bilan boʻlgan xotiralarini aytib berishadi. Sobiq ittifoq hududida hozirgi kunda diniy tashkilotlarga rahbar boʻlib turgan insonlardan turli voqealarni koʻplab eshitamiz. Yaqinda Belarusda katta bir masjid qurib bitkazildi. Ana shu masjidning poydevori qoʻyilishiga, bu masjid uchun islom olamidan mablagʻ olinishida ham bevosita hazratning oʻzlari ishtirok etganlari haqida bugungi kunda Belarus musulmonlari boshligʻi Abu Bakr hazrat soʻzlab berdilar. Masjid 10 yil ichida qurib bitkazildi. Abu Bakr hazratlari “Alloh rahmat qilsin, masjidning birinchi poydevori qurilishiga Shayx hazratlarining oʻzlari sababchi boʻlganlar”, deb aytdilar. Bu kabi fikrlarni biz har bir mintaqadagi musulmonlardan eshitishimiz mumkin. Hazrat bilan birgalikda uzoq muddat farzand, shogird boʻlganligimizga qaramasdan mana shu voqealar haqida xabarimiz boʻlmagan. Chunki hazrat koʻp narsalarni bevosita tegishli odam bilan hal qilib, bizga gapirmaganlar.

- Shayx hazratlari Oʻzbekistondan chiqib ketishga majbur boʻlganlarida birinchi boʻlib Saudiya Arabistoniga borganlari aytiladi. Ularni Saudiyada qirol odamlari kutib olgani rostmi?

- Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Vatanni tark etishga majbur boʻlganlarida birinchi Saudiya Arabistoniga borgan edilar. Shayx hazratlarini oʻshanda Saudiya qirolligi vakillari kutib olishga harakat qilgani haqida meni maʼlumotim yoʻq. Meni bilganim shuki, oʻsha vaqtda Oʻzbekistonni qachonlardir ota-bobolari tark etgan va hozirda Saudiyada avlodlari muqim yashab qolgan va katta mansabga ega boʻlgan oʻzbeklar kutib olgan. Ularga joylashishga hayot kechirishga yordam qilishgan. Undan tashqari, hazrat islom olami uyushmasi taʼsis majlisi aʼzosi boʻlganlar. Ushbu tashkilot hazratga vazifa bergan va ularni Sobiq ittifoq boʻyicha maslahatchi qilib saylagan.