• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga keldi

14.06.2019

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkekda o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidan so‘ng Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning beshinchi sammitida ishtirok etish uchun Dushanbe shahriga keldi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Dushanbe xalqaro aeroportida davlat rahbarini Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda va Dushanbe shahri hokimi Rustam Emomali kutib oldi.

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash qit’ada hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan xalqaro forumdir.

Bugungi kunda kengashga 27 davlat a’zo. Sakkizta mamlakat va beshta xalqaro tashkilot uning kuzatuvchilaridir. OHIChK 2007-yil oktabr oyida BMT Bosh Assambleyasi huzurida kuzatuvchi maqomini olgan. 2018—2020-yillarda OHIChKga Tojikiston Respublikasi raislik qilmoqda.

“Xavfsiz va yanada ravnaq topgan mintaqa sari yagona yondashuv” mavzuida o‘tadigan bu galgi yalpi majlisda kengashga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlardan, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillaridan iborat 30 dan ziyod delegatsiya ishtirok etadi.

O‘zbekiston Prezidenti sammit doirasida qator xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi.

Manba: https://daryo.uz/2019/06/14/shavkat-mirziyoyev-tojikistonga-keldi-2/