• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Sergelida istirohat bogʻi yaratildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Sergeli tumanida barpo etilgan ekoparkni borib koʻrdi.
Davlatimiz rahbari oʻtgan yili 21-mayda Uchtepa tumaniga tashrifi chogʻida Toshkent shahri tumanlarida istirohat bogʻlari tashkil etib, aholining dam olishi uchun sharoitlarni kengaytirish boʻyicha topshiriq bergan edi.
Shunga muvofiq, Sergeli tumanida umumiy maydoni 10 gektar boʻlgan “Flowers Garden Park” tashkil etildi. Shundan 5 gektari bogʻ, 5 gektari gul sotish markazidir.
Boqqa yirik gulli magnoliya, fotiniya frazeri, qora sosna, igna bargli archa, “Krimson king” chinori kabi 30 turdagi 6 mingdan ziyod manzarali daraxt va 20 turdagi 60 mingdan ziyod buta olib kelib ekilgan. Aholining koʻngilli hordiq chiqarishi uchun restoran, savdo shoxobchalari tashkil etilgan.
Turkiyaning “Natural Peyzaj” shirkati bilan hamkorlikda bunyod etilgan bogʻda 200 ta ish oʻrni yaratilgan. Malakali agronom va entomologlar jalb etilgan.
Davlatimiz rahbari bogʻda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, manzarali daraxtlar va gul doʻkonlarini koʻzdan kechirdi.