• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Senat yalpi majlisi oldidan qoʻmitalar majlisi boʻldi

Oliy Majlis Senati qoʻmitalarida videokonferens-aloqa shaklidagi majlislar boʻlib oʻtdi.

Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi majlisida “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama etildi. Mazkur qonun ilmiy-texnik va innovatsion faoliyat natijalarini transfer qilish, oʻzlashtirish hamda tijoratlashtirishni faollashtirishga xizmat qiladi.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida “Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ishtirok etishi toʻgʻrisida”gi qonun muhokama etildi.

Soʻzga chiqqanlar tomonidan qayd etilganidek, qonunchilikda fuqarolarning jamoat tartibini saqlashdagi ishtirokining huquqiy asoslari mavjud emasligi, yurtdoshlarimizning bu jarayonda huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi ichki ishlar organlari va boshqa tuzilmalar bilan hamkorligi masalalari tartibga solinmagan.

Qonunda bir qator konseptual kamchiliklar mavjudligi aytib oʻtildi. Xususan, fuqarolarni jamoat tartibini saqlashga jalb qilishda ularni birinchi yordam koʻrsatish boʻyicha, huquqiy, jismoniy tayyorgarlikdan oʻtkazish, himoya vositalari bilan taʼminlash, ularning hayoti va sogʻligʻini oʻz mablagʻlari hisobidan sugʻurtalash kabi majburiyatlar qonunda aks ettirish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Shuningdek majlisda ushbu hujjatning boshqa bir qator kamchiliklari ham aytib oʻtilib, uni takomiliga yetkazish zarurligi qayd etildi.

“Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni ham koʻrib chiqildi.

Qonunning maʼqullanishi kelgusida mahkumlarning huquqlari, erkinliklarini kengaytirish hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, jazoni ijro etish tizimida shaxsni axloqan tuzatish va jamiyatga ijtimoiy moslashuvini amalga oshirishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, majlisda Vazirlar Mahkamasiga yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masala ham muhokama etildi.

Senatorlar, vazirlik va idoralar mutasaddilari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlislarda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.