• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Samarqandda MDH mamlakatlari birinchi turistik yarmarkasi oʻtkazildi

09.07.2019

Samarqand shahrida MDH mamlakatlari Turizm kengashining navbatdagi yigʻilishi hamda birinchi turistik yarmarkasi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, MDH ijroiya qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda hamdoʻstlik davlatlari turizm sohasi masʼullari, turistik firma va kompaniyalar vakillari, turizm yoʻnalishida kadrlar tayyorlaydigan oliy oʻquv yurtlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi vazifasini bajaruvchi A.Akkulov, MDH ijroiya qoʻmitasining turizm sektori rahbari T.Kovaleva Turizm kengashi navbatdagi yigʻilishining Samarqandda tashkil etilishi va uning doirasida birinchi turistik yarmarka oʻtkazilayotgani tarixiy ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Keyingi yillarda jahon turistik bozori mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi hamda aholi bandligini taʼminlashning asosiy sektoriga aylanib, barqaror oʻsishni namoyon qilmoqda. Buni ayni paytda jahon yalpi ichki mahsulotining 10,4 foizidan ortiqrogʻi, savdoning 7 foizi va bandlikning 10 foizi turizm sohasi hissasiga toʻgʻri kelayotganida ham koʻrish mumkin. Dunyo davlatlarining 38 foizi uchun turizm – daromadning asosiy manbai, 83 foizi uchun esa besh asosiy daromad manbalaridan biri hisoblanadi.

Turizm sohasidagi bunday taraqqiyot keyingi yillarda MDH mamlakatlarida ham namoyon boʻlmoqda. MDH mamlakatlari turizm kengashi ushbu davlatlarda bu borada toʻplangan tajribani oʻrganish, soha rivoji yoʻlida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda oʻzaro fikr almashish uchun qulay imkoniyat boʻlmoqda. 2018-yilning 10-11-avgust kunlari Tojikistonning Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan navbatdagi tadbirni Samarqand shahrida oʻtkazish taklif qilingan edi. Shuningdek, mazkur tadbir doirasida MDH mamlakatlari Birinchi turizm yarmarkasini oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi va bu ishtirokchilar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

– Mazkur format MDHga aʼzo mamlakatlarning turistik salohiyati bilan yaqindan tanishish, Hamdoʻstlikdagi turizm sektorining muhim trendlari va yangiliklarini almashish, turizm tashkilotlari va biznes vakillari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni kuchaytirish uchun qulay sharoit yaratadi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi vazifasini bajaruvchi A.Akkulov. – Kengash yigʻilishida hamdoʻstlik davlatlari turizm sohasi boʻyicha vazirlik va kompaniyalar masʼul xodimlari ishtirok etib, hamkorlikning yangi istiqbollarini belgilab olish koʻzda tutilgan.

Shundan soʻng, MDH mamlakatlari turizm vazirlik va idoralari rasmiy delegatsiyalari ishtirokida Turizm kengashining navbatdagi yigʻilishi oʻtkazildi. Majlisda ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikning bugungi holati muhokama etilib, kelgusi istiqbollari belgilab olindi. Hamdoʻstlik davlatlari fuqarolarining ushbu mamlakatlarga sayohati uchun keng imkoniyatlar yaratish va turistlar oqimini koʻpaytirish, bu borada turistik kompaniyalarning hamkorligini kengaytirish boʻyicha takliflar bildirildi.

– Hamdoʻstlik mamlakatlari oʻrtasida turizm sohasidagi yaqin hamkorlik nafaqat davlatlar iqtisodiyotiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, shu bilan birga xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, madaniy aloqalarni yanada mustahkamlaydi, – deydi MDH ijroiya qoʻmitasining turizm sektori rahbari T.Kovaleva. – Negaki, bu davlatlarni tarixan qaror topgan doʻstlik, yaqin qoʻshnichilik aloqalari bogʻlab turadi. Turizm bu rishtalarni yana ham kuchaytirishga xizmat qiladi.

Turizm sohasi boʻyicha kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari rahbarlari va professor-oʻqituvchilarining oʻzaro muloqoti va mahorat saboqlari ham yuksak saviyada tashkil etildi. Rektorlar soha uchun mutaxassislar tayyorlashda hamkorlik qilish, birgalikda oʻquv dasturlari ishlab chiqish va bu borada zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha oʻzaro kelishib oldi.

– Bugungi kunda bizning mamlakatda ham turizm sohasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, – deydi Tojikiston davlat pedagogika instituti prorektori Firdavs Najmiddinov. – Shundan kelib chiqib, institutimizda soha uchun kadrlar tayyorlanmoqda. Oʻzbekiston va Tojikiston davlatlari rahbarlarining tashabbusi bilan mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar keyingi yillarda yangi bosqichda izchil davom etayotgani tufayli biz ham oʻtgan yildan boshlab Samarqanddagi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti bilan hamkorlik qilib kelyapmiz. Bugungi xalqaro tadbirda ishtirok etishimiz ham oʻzaro tajriba almashishimiz uchun qulay imkoniyat boʻldi.

Turizm yarmarkasi ishtirokchilari esa V2V tarzidagi uchrashuvlar, sayyohlik firma va kompaniyalari vakillarining yangi turistik yoʻnalishlar boʻyicha taqdimotlaridan samarali foydalandi. Buning natijasida koʻrgazma yakunlari boʻyicha ular oʻzaro hamkorlik boʻyicha ellikdan ortiq kelishuvni imzoladi.

Tadbir doirasida “MDH davlatlarida turizm va mintaqaviy hamkorlik: yangi chaqiruvlar va imkoniyatlar” mavzuida xalqaro konferensiya oʻtkazildi.

Xalqaro forum qatnashchilari 10-iyul kuni Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, turistik obyektlar bilan yaqindan tanishadi.

Manba: O'zA