• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

RASMIY BAYONOT: Oʻzbekistonda koronavirusga chalingan 16 fuqaroning ahvoli ogʻir

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov:

– Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 5 ming 293 nafarga yetdi. 15-iyun kuni 76, kasallik qayd etilgandan buyon 4 ming 19 nafar, yaʼni 76 foiz bemor toʻliq sogʻaygan. Sogʻliqni saqlash vazirligi taqdim etgan maʼlumotga koʻra, shifoxonalarda 1 ming 255 bemor davolanmoqda, 14 nafarining ahvoli ogʻir, 2 nafarining ahvoli oʻta ogʻir. Barcha bemorlar tibbiyot xodimlari nazorati ostida va tegishli standartlar asosida davolash muolajalarini olyapti.

Hurmatli yurtdoshlar!

Keyingi kunlarda kasallanganlar son jihatdan ortib boryapti. Bunga bir necha sabablar bor, xususan, karantinga olayotgan fuqarolarimiz soni koʻpaymoqda, xorijiy davlatlardan fuqarolarimiz olib kelinyapti. Hozirgi paytda 48 ming fuqaro kuzatuv ostida boʻlib, 21 mingdan ortigʻi statsionar sharoitda karantinga joylashtirilgan. Ular orasida kasallik aniqlanishi muqarrar. Buni inkor qila olmaymiz. Oxirgi axborot taqdim etilgandan buyon yana 30 fuqaroda kasallik qayd etildi.

Xalqaro yuk mashina haydovchilarida deyarli har kuni kasallik aniqlanyapti. Ular xizmat taqozosi yuzasidan xorijiy davlatlarga, ayniqsa, epidemik noxush hududlarga borib keladi. Respublika hududiga qaytib kelgan zahoti ulardan koronavirusga tekshirish uchun namuna olinib, 14 kun kuzatuvda boʻladi. Xorijiy davlatlardan kelgan haydovchilardan ham chegaradan kirgan zahoti namuna olib tekshiriladi. Tahlil natijalari manfiy boʻlsagina Oʻzbekiston hududida harakatlanishi yoki boshqa bir davlatga oʻtib ketishiga ruxsat beriladi.