• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

RASMIY BAYONOT: Oʻzbekistonda koronavirusdan davolanayotgan 862 bemordan 10 nafarining ahvoli ogʻir

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov:

– Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 3 ming 965 nafarga yetdi. 4-iyun kuni 73 nafar, kasallik qayd etilgandan buyon esa 3 ming 87 nafar, yaʼni 78 foizdan ziyod bemor toʻliq sogʻaygan. Sogʻliqni saqlash vazirligi taqdim etgan maʼlumotga koʻra, shifoxonalarda 862 bemor davolanmoqda, 9 nafarining ahvoli ogʻir, 1 nafarining ahvoli oʻta ogʻir. 48 mingdan koʻproq fuqaro karantin tadbirlari bilan qamrab olingan. Ularning 21 mingdan ortiqrogʻi statsionar sharoitda karantinga joylashtirilgan.

Hurmatli yurtdoshlar!

Karantin tadbirlari davom etyapti. Koronavirus kasalligi boʻyicha epidemik vaziyat murakkabligicha saqlanib turibdi. Kuni kecha roʻyxatga olingan 96 bemorning 81 nafari karantin muassasalariga joylashtirilgan shaxslar orasidan aniqlangan boʻlsa, 13 nafari aholi orasida qayd etilgan. 2 nafari esa xalqaro yuk tashuvchi shaxslar orasida aniqlangan.

Bundan koʻrinib turibdiki, har bir ehtiyotsizligimiz kasallikka chalinish ehtimolini yuzaga keltiradi. Shuning uchun maqsadsiz koʻchaga chiqmang, koʻchaga chiqsangiz, albatta, doka niqobda boʻling, muloqot paytida masofani saqlang, uyga qaytgach antiseptik vositalardan foydalaning. Shundagina, kasallikka chalinishdan oʻzingizni va oila aʼzolaringizni, yaqinlaringizni himoya qilgan boʻlasiz.