• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Paxta klasterlari fermer xoʻjaliklariga 800 milliard soʻm toʻlab berdi

Kuni kecha BMTning iqtisodiy va ijtimoiy kengashi kuzatuvchisi Yoʻlchiboy Ismoilov ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Hayitov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yoʻldoshev va Prezident devoniga yoʻllagan maqolasidan koʻpchilikning xabari bor.

Unda Uchkoʻprik tumanidagi “Real Trans Logistic UK” klasteri 2019-yil yakuni boʻyicha tuman fermerlarining klasterga sotgan paxta hosili hisobidan 8424,8 million soʻm mablagʻni asossiz toʻlamay kelayotganini maʼlum qilinib, fermerlarning haqini undirib berish soʻralgan edi.

Mazkur maʼlumotning qanchalik toʻgʻriligi va bu borada olib borilayotgan ishlar haqida bilish uchun Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tamorqa yer egalari kengashi rais oʻrinbosari Abdushokir Rahimov bilan bogʻlandik.

- Paxta toʻqimachilik klasterlari belgilangan muddatlarda fermer xoʻjaliklariga pul mablagʻlarini toʻlab bermaslik holati doimiy oʻrganib borilmoqda, - deydi A.Rahimov. - Paxta va gʻalla yetishtirishda davlat buyurtmasining bekor qilinishi, qishloq xoʻjaligida kooperatsiya va klaster tizimining joriy etilishi, koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklariga soliq imtiyozlari boʻyicha qator yengilliklarning berilishi, huquqiy himoya boʻyicha targʻibot ishlarini yana-da kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Ana shularni hisobga olib, joriy yil boshida 2019-yil paxta hosilidan klasterlarni fermer xoʻjaliklariga toʻlab bermagan 897,8 milliard soʻm qarzdorligini undirish boʻyicha hisob-kitob qilindi. Ushbu mablagʻlarni undirish boʻyicha joylarda ishchi guruhlari tashkil etildi. Natijada paxta klasterlari tomonidan fermer xoʻjaliklariga 800 milliard soʻmga yaqin mablagʻ undirib berilishi taʼminlandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holat yuzasidan ham Uchkoʻprik tuman hokimligida kengash va Oʻzbekiston LiDeP vakillari, fermerlar, klaster rahbari va maqola muallifi ishtirokida suhbat oʻtkazildi. Bu jarayonda uch milliard soʻm pul mablagʻlarining undirilishi taʼminlandi

Shu bilan birga, soliq kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlar boʻyicha ham tushunchalar berildi. Jumladan, Soliq kodeksining 358-moddasiga asosan, koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari - yagona yer soligʻi toʻlovchilar, koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reyestriga kiritilgan kundan boshlab, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa daromad turlari boʻyicha yagona soliq toʻlovini toʻlashdan besh yil muddatga ozod etilganligi, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlagandan keyin fermer ixtiyorida qoladigan foydaga soliq solinmasligi targʻib qilindi.

Albatta, bunday imtiyozlar fermerlarga juda qoʻl kelmoqda. Misol uchun, Buloqboshi tumanidagi paxta-gʻallachilikka ixtisoslashgan “Abduhoshim Nurmatov” fermer xoʻjaligida tejalgan mablagʻ evaziga 35 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasini ishga tushirdi, bir gektarda intensiv bogʻ barpo etib, baliqchilikni yoʻlga qoʻydi. Kasbi tumanidagi “Yurt rizqi” fermer xoʻjaligi “Madad Shifo” xususiy shifoxonasi, 600 tonna sutni qayta ishlash sexi va 20 gektar limonzor tashkil etgan boʻlsa, Baxmal tumanidagi “Safar” fermer xoʻjaligida 15 tonna qandolat mahsulotlari sexi foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, fermer xoʻjaliklariga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar bilan huquqiy munosabatlarini mustahkamlash, mahsulot yetishtirish bilan bogʻliq muammoli masalalarni tezkor hal etish choralari koʻrilmoqda.

Qayd etish kerakki, kengash mutaxassislarining bevosita huquqiy koʻmagi tufayli Dehqonobod tumanidagi “Sherqoʻzi”, Zangiota tumanidagi “Abduvali Muhriddin”, “Toʻlagan” fermer xoʻjaliklarida suv, mineral oʻgʻit, mexanizatsiya xizmatlari bilan bogʻliq masalalar yechimini topdi. Oqqoʻrgʻon tumanidagi “Eltamahali” mahallasida istiqomat qiluvchi M.Abdusamatov va M.Tursunboyevlarning kengash huzuridagi jamgʻarma mablagʻlaridan issiqxonalar qurishi evaziga turmush darajasi yaxshilanib, daromad manbai oshdi.

Hisob-kitoblarga koʻra, 2019-yilda sudlarga 3 ming 962 yoki 2018-yilga nisbatan 2 ming 390 ta koʻp daʼvo arizasi kiritilgan. 2 ming 448 ta daʼvo arizasining sudlar tomonidan qanoatlantirilib, fermer xoʻjaliklari foydasiga 162,6 milliard soʻm undirib berildi. Bundan tashqari, fermer xoʻjaliklarini manfaatlarini koʻzlab qarzdor tashkilotlarga 8 ming 824 ta talabnoma kiritilib, 2 ming 269 ta talabnoma orqali 47,1 milliard soʻm fermerlarga undirib berildi.