• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Olimlar suyakni oʻstiradigan sement yaratishdi

Germaniyalik olimlar fosfat kalsiy asosida suyaklarni bir-biriga bogʻlavchi va suyaklar oʻzini oʻzi tiklash xususiyatiga ega boʻlgan hamda implantatlar yasashda foydalanadigan sement yaratishdi. Mazkur tadqiqot natijalari yaqinda Scientific Reports jurnalida eʼlon qilindi.

Inson organizmi koʻplab jarohatlarni va yaralarni oʻzi davolay oladi, biroq suyaklar jiddiy shikastlanganda jarrohlarning aralashuvi zarur boʻladi. Bunday paytda shifokorlar jarohatlangan joyda suyaklarning shakli yoki vazifasini qisman boʻlsada tiklaydigan materiallarni ishlatadi.

Fridrix Shiller nomidagi Yena universiteti olimlari Vyursburg universitetidagi hamkasblari bilan hamkorlikda suyak oʻrnini bosadigan fosfat kalsiyga asoslangan va uglerod tolasi ishlatilgan sement yaratishdi.

Tola jarohatga chidamlilikni oshiradi, shuningdek oʻzini oʻzi tiklashni taʼminlaydi, darz ketgan joylar mustaqil ravishda tortiladi yoki bitadi. Ushbu muhim sifat tufayli, yangi materialdan tayyorlangan implantatlarni taʼmirlash yoki almashtirishga zarurat boʻlmaydi.

Kalsiyfosfatli sement tibbiyotda avvaldan foydalanib kelinadi va oʻzining yaxshi tomonlarini koʻrsata olgan. Ushbu material suyaklarni shakllanishiga yordam beradi va qon tomirlarning oʻsishini taʼminlaydi. Qolaversa, uni organizmga pasta koʻrinishida yuborish ham mumkin. Uning egiluvchanligi suyak tuzulmasi bilan bogʻlanib ketish imkoniyatini beradi.

Tadqiqot natijalari yangi materialning katta ogʻirlikka ham chidamliligini va oʻzi mustaqil ravishda tiklana olishini koʻrsatdi. Olimlar oʻzlari yaratgan material suyak implantantlari, shuningdek suyaklarning yuk koʻtaradigan elementlarini tayyorlashda keng qoʻllanishiga ishonch bildirmoqda.