• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Olimlar koronavirus ortga chekinayotganini taʼkidlashmoqda

Soʻnggi ilmiy tadqiqotlar shuni koʻrsatmoqdaki, koronavirusning tajovuzkorligi borgan sari pasaymoqda. Bu esa, COVID-19 pandemiyasining ikkinchi toʻlqini boʻlmasligiga umid uygʻotadi, deydi taniqli italiyalik virusolog, Milandagi Vita-Salute San Raffaele universiteti prorektori Massimo Klementi.

“Shifokorlarimiz may oyida kasallik tarqalishining tezlik bilan susayotganiga eʼtibor berishgan edi. Bu yerda gap nafaqat kasallanayotganlar sonining kamayib borayotgani haqda bormoqda, balki tezkor davolash boʻlimida davolanishi talab qilingan, jumladan, oʻpkasi shamollagan kasallar soni ham qisqargani nazarda tutilmoqda. Biroq uyda davolasa boʻladigan koronavirusga chalingan bemorlar soni koʻpaygan”, - dedi professor.

Klementining taʼkidlashicha, klinik manzaraning bu qadar jiddiy oʻzgargani oʻzining ilmiy izohini talab qilmoqda.

“Biz kichikroq tadqiqot oʻtkazdik, unda 15-martdan 15-martgacha kasalxonaga yotqizilgan 100 foiz bemorni may oyining ikkinchi yarmida kasalxonaga yotqizilgan 100 foiz bemor bilan solishtirib koʻrdik. Natijada shu narsa maʼlum boʻldiki, dastlabki davrdagi virus keltirib chiqarayotgan kasalliklarning ogʻirlik darajasi may oyining ikkinchi yarmidagiga qaraganda 10 barobarga yuqori boʻlgan. Ushbu natija juda muhim ahamiyatga ega”, - deya taʼkidlaydi olim.

Klementining fikricha, klinik manzaraning yaxshilanishi virus tahdidining sezilarli ravishda pasayib borayotgani bilan birga kechmoqda, bu bizga koronavirus ortga chekinmoqda, deb xulosa chiqarishimizga asos boʻlayotir. “Toʻgʻri, hozir ushbu xulosani ishonch bilan taʼkidlay olmaymiz, biroq farazamiz shuki, voqealar rivoji shunga qarab bormoqda”, - deydi u.

Olimning taʼkidlashicha, Virusning kuchsizlanishi haqidagi xulosani, epidemiyaning turli bosqichlarida turgan, koʻplab mamlakatlardan kelgan maʼlumotlar ham tasdiqlamoqda. U shuningdek, yaqinda London shahrida bir guruh olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalarini ham esladi. Londonlik olimlar Xitoy, Yevropa va AQSHda aniqlangan virus genomining turli sekvensiyasini oʻrganib, pandemiyaning turli bosqichlarini tahlil qilib koʻrishgan.

“Britaniyalik hamkasblarimiz shu narsani aniqlashdiki, virus genomining mutatsiyalashadigan alohida bir hududi boʻlar ekan. Gap gomoplaziya deb nomlangan fenomen haqida bormoqda. Bu esa, virus juda qayishqoq va inson organizmiga turli mutatsiya yoʻli bilan moslasha olishini isbotlamoqda”, - deydi mikrobiolog.

Klementi ushbu maʼlumotlarni pandemiyaning rivojlanish istiqboliga tegishli juda muhim yangilik deb atadi. “Gap shundaki, yuqorida taʼrif berilgan jarayon jugʻrofiy holati va epidemiya bosqichi turlicha boʻlishiga qaramay, barcha mamlakatlarda birdek kechmoqda. Barcha mintaqada virus evolyutsiyasi bir joyda tezroq, boshqa joyda sekinroq boʻlsada, lekin faqat bitta yoʻnalishda harakat qilmoqda. Demak, mazkur jarayon virusning patogen salohiyati kamayishiga olib keladi. Virusning tajovuzkorligi borgan sari pasaymoqda, u moslashmoqda va kuchsizlanmoqda”, - deydi professor.

Prfessorning fikricha, yangi virus yaqin orada shu darajada kuchsizlanadiki, “xuddi boshqa viruslarga oʻxshab, insonlar har yili xastalanadigan oddiy respiratorli kasallikka aylanadi”.

Pandemiya qishga yaqin yana kuchayadimi, yaʼni ikkinchi toʻlqini roʻy beradimi, degan savolga javob berar ekan, Klementi ikkinchi toʻlqin boʻlmasligidan umid qilayotganini taʼkidladi. “Agar virusning rivojlanishi biz yuqorida taʼkidlagandek kechayotgan boʻlsa, u holda kelayotgan kuz yoki qishda hozirgi vaziyat takrorlanmaydi”, - dedi u RIA Novosti bilan uyushtirgan suhbati choqida.