• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Oʻzbekiston va YEI oʻrtasida navbatdagi muzokaralar toʻgʻrisida

9-10-iyul kunlari siyosat va xavfsizlik masalalari boʻyicha ishchi guruh faoliyati doirasida Oʻzbekiston va Yevropa ittifoqi oʻrtasidagi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim (KSHHB) loyihasi boʻyicha muzokaralarning beshinchi raundi videokonferens-aloqa shaklida boʻlib oʻtdi.

Delegatsiyalarga Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sherzod Asadov va Yevropa tashqi faoliyat xizmatining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha boshqaruv direktori oʻrinbosari Lyuk Devin boshchilik qildilar.

Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston va YEI, shuningdek mazkur xalqaro tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasida oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlar sezilarli faollashgani qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan joriy yilning ikkinchi yarmiga rejalashtirilgan turli darajadagi boʻlajak tadbirlar jadvali koʻrib chiqildi.

Muzokaralar jarayonida erishilgan natijalar mamnuniyat bilan qayd etildi, KSHHB matni kelishuvini tezlashtirishga har ikki tomon tayyor ekani maʼlum qilindi. Ushbu hujjatning imzolanishi Oʻzbekiston va YEI davlatlari oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish imkonini berishi taʼkidlandi.