• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Oʻzbekiston va BMT: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlidagi hamkorlik

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi imzolanganining 75 yilligiga bagʻishlan “Oʻzbekiston va BMT: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro forum videokonferensaloqa shaklida boʻlib oʻtdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining saytida xabar berildi.

Tabdir “BMTning 75 yilligi: kelajakka nazar” nomli global munozaralar turkumi doirasida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Tashqi ishlar vazirligi va BMTning mamlakatimizdagi Doimiy vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.

Uchrashuvda qatnashgan tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ushbu muloqot Oʻzbekistonning BMT va tashkilotning ixtisoslashgan muassasalari bilan koʻp tomonlama hamkorlikka tayyorligining dalili ekanini qayd etdi.

Bundan 75 yil oldin BMT Nizomining qabul qilinishi jahonda oʻrnatilgan hozirgi tartibga mustahkam asos boʻldi, tinchlik va xavfsizlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari sohalaridagi global muammolarni hal etishda xalqaro hamkorlikning ilgʻor tamoyillarini belgilab berdi. Bugungi kunda 193 davlatni birlashtirgan ushbu tarixiy hujjat oʻzining qonuniyligi va universalligi boʻyicha noyob tashkilotga asos soldi.

COVID-19 pandemiyasi natijasida yuzaga kelgan va butun dunyodagi millionlab odamlarning hayotiga taʼsir koʻrsatgan hozirgi global inqiroz koronavirus tarqalishining sogʻliqni saqlash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi salbiy oqibatlariga qarshi kurashish uchun butun dunyo hamjamiyatining saʼy-harakatlarini birlashtirish juda muhim.

Oʻzbekistonning BMT bilan 28 yillik konstruktiv hamkorligi muhim voqealarga boy. Mamlakatimiz tomonidan BMT yuqori minbaridan turib ilgari surilgan tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanmoqda, global tarqatmaslik rejimini mustahkamlash, umumiy tinchlik, barqaror rivojlanish va mintaqaviy hamjihatlikni taʼminlashga salmoqli amaliy hissa qoʻshmoqda.

Soʻnggi uch yilda Oʻzbekiston va BMT hamkorligi sezilarli darajada faollashdi. Oliy darajada muntazam muloqotlar oʻrnatilgan va davom ettirilmoqda.

Oʻzbekiston BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga qatʼiy sodiqdir. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan 2017-2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasining ustuvor yoʻnalishlari BRM bilan toʻliq hamohang. Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga yoʻllagan maktubida qayd etganidek, “ikki hujjatni “inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan bosh tamoyil birlashtiradi”.

Taʼkidlanganidek, 2018-2019-yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash, maʼrifat va diniy bagʻrikenglik, mintaqaviy turizmni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishga oid uchta rezolyutsiya BMT Bosh assambleyasi tomonidan bir ovozdan maʼqullanishi Oʻzbekistonning BMT faoliyatiga qoʻshayotgan hissasining eʼtirofi boʻldi.

Vazir Oʻzbekiston shu bilan chegaralanib qolish niyatida emasligini bayon etdi. Bugungi kunda Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani tayyorlash va kelishish boʻyicha muzokaralarni boshlash boʻyicha faol ish olib borilmoqda. 2021-2023-yillarda BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashiga Oʻzbekistonning nomzodi ilgari surilmoqda.

Bundan tashqari, shu oy Oʻzbekiston hukumati tomonidan BMT va tuzilmaning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha keng qamrovli “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Mazkur hujjat koʻp qirrali hamkorlikning keng koʻlamli masalalarini oʻz ichiga olgan.

“Biz BMT xalqaro munosabatlarda bundan keyin ham markaziy muvofiqlashtiruvchi rolni oʻynashiga ishonamiz. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston BMT faoliyatiga hissa qoʻshishni davom ettirishga, xalqaro kun tartibini amaliy tatbiq etish uchun ixtisoslashgan muassasalar va aʼzo davlatlar bilan yaqin sheriklik aloqalarini mustahkamlashga qatʼiy sodiqdir”, - deya soʻzini yakunladi A.Komilov.