• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Oʻzbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi yigʻilishida qatnashadi

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (TTDHK)ning ertaga boʻlib oʻtadigan Turizm vazirlari V yigʻilishida Oʻzbekiston ham ishtirok etadi.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 14-sentyabr kuni “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan Bitimini ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonunni imzolagan edi. 2019-yil 15-oktyabr kuni Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida boʻlib oʻtgan TTDHK sammitida Oʻzbekiston Respublikasi toʻlaqonli aʼzo sifatida qatnashib, tadbirda Davlatimiz Rahbari ishtirok etgan. Bugungi kunda Oʻzbekiston Kengashning barcha tuzilmalarida faol ishtirok etib kelmoqda.

Videokonferensiya shaklida oʻtkaziladigan bu galgi yigʻilishda ilk bor Bosh vazir oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov qatnashadi. Tadbirda, shuningdek, Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet NuriErsoy, Qozogʻiston madaniyat va sport vaziri Aktoti Raimkulova, Qirgʻiziston madaniyat, axborot va turizm vaziri Azamat Jamankulov hamda boshqa TTDHK mamlakatlarining turizm tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishadi.

Ishtirokchilar turizmning “COVID-19” epidemiyasi sharoitidagi holati, pandemiya keltirib chiqargan ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yumshatish boʻyicha mamlakatlarning shu sohadagi tajribasi, Turk kengashiga aʼzo davlatlar oʻrtasida sayyohlik almashinuvini tiklash chora-tadbirlari, Kengashga aʼzo davlatlarning sayyohlik yoʻnalishlarini ilgari surish loyihalari va tashabbuslari muhokama qilinadi.

Shuningdek, “Zamonaviy Ipak yoʻli” qoʻshma turistik mahsulot loyihasiga Oʻzbekiston shaharlari va manzillarini kiritish hamda TTDHK Turizm masalalari boʻyicha vazirlarining navbatdagi VI yigʻilishini 2021-yil Oʻzbekistonda oʻtkazish masalasi ham koʻrib chiqiladi.