• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Oʻzbekiston Respublikasining JSTga kirishi boʻyicha ishchi guruhning toʻrtinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga kirishi boʻyicha Ishchi guruhning toʻrtinchi yigʻilishi videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtdi.

“Gibrid formati”da maxsus onlayn platformada tashkil etilgan tadbirda ishtirokchi davlatlar delegatsiyalari, bevosita, tashkilotning Jenevadagi qarorgohida turib, boshqalar, jumladan, turli davlatlar vakillari – ekspertlar videokonferensaloqa orqali ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasining JSTga kirishi boʻyicha Ishchi guruh raisi, Koreya Respublikasining Jahon savdo tashkilotidagi doimiy vakili Dji-a Pek tadbir ishtirokchilarini tashkilotga kirish uchun zarur hujjatlarni tayyorlash jarayonida Oʻzbekiston tomonidan bosib oʻtilgan bosqichlar bilan tanishtirdi.

Oʻzbekistonning JSTga kirishi nuqtayi nazaridan Respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holati va bu boradagi mavjud istiqbol toʻgʻrisida maʼruza taqdim etildi. Mazkur jarayonning qayta tiklanishi 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini yana-da rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangani va mamlakat tashqi iqtisodiy faoliyatini koʻp tomonlama savdo tizimiga qoʻshilish orqali rivojlantirishning muhim yoʻnalishlaridan biri ekani qayd etildi.

JST Bosh direktori oʻrinbosari Alan Vulf tashkilot Kotibiyati faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri mamlakatlarga JSTga kirishda koʻmaklashish ekanini taʼkidlab, Oʻzbekistonning tuzilmaga aʼzo boʻlish jarayonini tiklash toʻgʻrisidagi qarorini ham olqishladi. Tashkilot rahbariyati nomidan ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlash uchun barcha zarur yordamni koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, bir qator boshqa davlatlar, mintaqaviy va tematik guruhlar vakillari Oʻzbekistonning JSTga kirishini maʼqullab, oʻz fikrlarini bayon qildilar.

Yigʻilish doirasida Oʻzbekistonning tashqi savdo rejimi toʻgʻrisida kengaytirilgan Memorandum muhokamasi ham boʻlib oʻtdi, mamlakat tomonidan tashqi savdo sohasini tartibga solishning aʼzo davlatlar tomonidan tan olingan meʼyor va standartlarga muvofiqligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar qayd etildi. Memorandum bandlari boʻyicha savol-javob sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekistonning JSTga kirishi boʻyicha Ishchi guruhning 4-yigʻilishini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish jarayonida Tashkilot Kotibiyatiga zarur hujjatlarning toʻliq toʻplami, jumladan, aʼzo mamlakatlarning 300 dan ortiq savoliga javoblar, savdo sohasida texnik toʻsiqlardan foydalanish, sanitariya va fitosanitariya choralari, bojxona-baholash boʻyicha suratli savollar nazorat roʻyxati, importni litsenziyalash jarayoni toʻgʻrisidagi savolnoma, intellektual mulk huquqining savdo jihati toʻgʻrisidagi maʼlumot, shuningdek, milliy qonunchilikni JST bitimlari meʼyoriga muvofiqlashtirish boʻyicha Reja taqdim etildi.

Tadbir davomida mamlakatimiz tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning batafsil muhokamasi boʻlib oʻtdi. Koʻtarilgan mavzular yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining JSTga kirishi boʻyicha Muzokaralar guruhi tomonidan tegishli tushuntirish berildi.

Yigʻilish yakunida joriy yilning 20-iyulidan 31-iyuliga qadar tovar va xizmatlarning bozorga kirishini taʼminlash masalasi boʻyicha ikki tomonlama muzokara oʻtkazishga kelishib olindi. Shuningdek, JSTga kirish boʻyicha muzokaralarning keyingi bosqichiga oʻtish, xususan, Oʻzbekistonning tashkilotga kirishi boʻyicha Ishchi guruh Maʼruzasining asosi hisoblangan Faktologik xulosani tayyorlash toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Oʻzbekiston tomoni yigʻilish ishtirokchilariga Oʻzbekistonning JSTga kirish tashabbusini qoʻllab-quvvatlaganligi uchun minnatdorlik bildirdi va ushbu yoʻnalishda kelgusida ham konstruktiv hamkorlik davom etishiga umid bildirdi.