• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Oʻzbekiston Prezidenti Xalqaro mehnat tashkilotining COVID-19 davrida Mehnat munosabatlari boʻyicha global sammiti ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning COVID-19 davrida Mehnat munosabatlari boʻyicha global sammiti ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Jeneva sammitida 80 dan ortiq davlat, hukumat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, shu jumladan BMT, Jahon savdo tashkiloti, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Jahon banki va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi rahbarlari ishtirok etdi. Tadbirni Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Gay Rayder olib bordi.

Oliy martabali mehmonlar qatorida Shveysariya Prezidenti Simonetta Sommaruga xonim, Irlandiya Prezidenti Maykl Xiggins, Janubiy Koreya Prezidenti Mun Je In, Kolumbiya Prezidenti Ivan Duke Markez, Germaniya Kansleri Angela Merkel, Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanchez, Italiya Bosh vaziri Juzeppe Konte, Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo, Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin, Polsha Bosh vaziri Mateush Moraveskiy, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon va boshqalar qayd etildi. Ular milliy, mintaqaviy va xalqaro darajada pandemiya salbiy oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha oʻz mamlakatlarida koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etdi.

XMT rahbari taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev onlayn tashkil qilingan global sammit ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi.

Davlatimiz rahbari oʻz murojaatida joriy yil boshidan buyon COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat global kun tartibidagi eng muhim masalaga aylanganini taʼkidladi. Koronavirus infeksiyasi tarqalishining salbiy taʼsirini bevosita yoki bilvosita sezmaydigan biror mamlakat yoki mintaqa yoʻqligini qayd etdi.

Ushbu va boshqa global muammolarga samarali yechim topish uchun birinchi navbatda kelishilgan harakatlar zarur. Xalqaro mehnat tashkiloti Global sammitni tashkil qilish orqali “soatlarni toʻgʻrilab olish” uchun qulay platformadir.

Pandemiya sharoitida iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash bilan birga, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash ham muhim ahamiyatga ega. Bu Xalqaro mehnat tashkilotining yuz yillik deklaratsiyasida belgilangan ijtimoiy adolatni taʼminlash maqsadlariga toʻliq mos keladi.

Murojaatda XMT konvensiyalarining milliy qonunchilik va amaliyotda implementatsiya qilinishi, xususan, uch tomonli maslahatlashuvlar toʻgʻrisidagi 144-Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi Oʻzbekistonda uch tomonlama ijtimoiy muloqot rivojlanishiga kuchli turtki boʻlgani qayd etildi.

Pandemiya davrida “tripartizm plyus” tamoyiliga muvofiq, inqirozga qarshi choralarni ishlab chiqish jarayonida biznes, kasaba uyushmalari, nodavlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik vakillari faol ishtirok etmoqda. Bu aholining barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qiluvchi inqirozga qarshi dasturlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi kafolatidir.

Taʼkidlanganidek, pandemiya barqaror xalqaro munosabatlarni rivojlantirishda qator muammolar borligini va favqulodda vaziyatlarda global strategik harakatlar rejasining yoʻqligini namoyon qildi.

Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari BMT shafeligida Pandemiya davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Prezidentimizning fikricha, ushbu kodeksda davlatlarning oʻz fuqarolari va xalqaro sheriklari oldidagi siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar va inson huquqlari sohalaridagi eng kam shartlari va majburiyatlari belgilab qoʻyilishi kerak.

Xususan, birinchidan, cheklov choralari faqat vaqtincha, fuqarolar huquq va erkinliklariga majburiy rioya qilgan holda amalga oshirilishi kerak.

Bunday choralar xalqaro savdoga, ayniqsa tibbiy mahsulotlarga, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashga toʻsqinlik qilmaslik boʻyicha xavflarga mutanosib boʻlishi shart.

Ikkinchidan, pandemiyaning tez tarqalishi tizimli, oʻz vaqtida va samarali profilaktik choralarni koʻrish zarurligini, shu bilan birga, pandemiya eʼlon qilingan vaqtda sogʻliqni saqlash sohasiga ortiqcha yuklamalar yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslik kerakligini koʻrsatdi.

Profilaktik choralar sifatida esa, birinchi navbatda, prognoz qilish, tarqalishning erta bosqichlarini aniqlash, epidemiyaga qarshi turish va uning oqibatlarini kamaytirish choralari kiradi.

Uchinchidan, pandemiya mehnat xavfsizligini taʼminlash muhimligini koʻrsatdi. Bu toʻgʻridan-toʻgʻri yangi kasallikka qarshi kurashning boshida turgan, haqiqiy qahramonlik koʻrsatgan tibbiyot xodimlariga tegishli.

Taʼkidlash joiz, bugungi kunda Oʻzbekiston bilan XMT oʻrtasidagi munosabatlar jadal va izchil rivojlanmoqda.

XMT bosh direktori Gay Rayderning 2018-yilda Oʻzbekistonga tashrifi natijasida qabul qilingan “Yoʻl xaritasi” muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Ikki yil oldin XMT jamoasi koʻmagida munosib ish oʻrnilarini yaratishga koʻmaklashuvchi Oʻzbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasi tashkil etildi. Tuzilma xalqaro mehnat standartlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati taʼminlab kelmoqda.

Shu yilning 12-iyun kuni Senat raisi Tanzila Norboyeva bilan XMT rahbari oʻrtasidagi videokonferensiyada Gay Rayder 2018-yil dekabr oyida Oʻzbekistonga tashrifini va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvni iliq xotira bilan yodga oldi. Uning soʻzlariga koʻra, ushbu tashrif unga Prezident rahbarligida olib borilayotgan islohotlarni yaxshiroq tushunishga yordam berdi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida erishilgan yutuqlar yuqori baholandi: “Mamlakatingizni ulkan muvaffaqiyatlar bilan tabriklayman”. U mamlakatda olib borilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlayotganini va ijtimoiy muammolarni hal etishga hamda keng koʻlamli oʻzgarishlarni amalga oshirishga qaratilgan qoʻshma loyihalarda ishtirok etishni davom ettirishga tayyorligini taʼkidladi.

“Xalqaro tashkilotlar va jahon hamjamiyati Oʻzbekistonning turli sohalardagi ulkan yutuqlarini eʼtirof etmoqda”, dedi XMT bosh direktori Gay Rayder.

“Oʻzbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti bilan amaliy hamkorlik tufayli tashkilotning konvensiyalarini amalga oshirishda yutuqlarga va natijalarga erishganidan mamnunman. Mamlakatingizda mehnat munosabatlari sohasida olib borilayotgan islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaymiz. Umid qilamizki, Oʻzbekiston mamlakat uchun muhim boʻlgan boshqa konvensiyalarga qoʻshilishda davom etadi”, dedi XMT rahbari.

Gay Rayderning taʼkidlashicha, tashkilot bundan buyon ham uch tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadi: «Oʻzbekistonda “tripartizmning implementatsiya qilinishi muhim qadam hisoblanadi.

Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani tahsinga sazovordir», dedi Gay Rayder.