• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Notariat idoralari nodavlat tizimga oʻtadimi?

09.07.2019

Adliya vazirligi tomonidan Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan notariuslar ishtirokida boʻlib oʻtgan yigʻilishda ushbu masala muhokama qilindi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimlari ham ishtirok etdi.

Yigʻilishda soʻnggi yillarda mamlakatimizda notariat sohasida amalga oshirilayotgan izchil saʼy-harakatlarga qaramasdan, tizimda sansalorlik, navbat kutish va byurokratizm kabi toʻsiqlar hanuzgacha saqlanib qolayotgani, bu esa aholining asosli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgani, ayrim notarial idoralarida axborot texnologiyalari toʻliq joriy etilmagani va xodimlar soni yetishmasligi kabi muammolar haqida soʻz yuritilib, ularni bartaraf etish boʻyicha bir qator takliflar bildirildi.

Xususan, yigʻilish ishtirokchilari nodavlat notariat tizimining joriy etilishi notariuslarning xizmat masʼuliyatini yanada oshiribgina qolmay, yuqori sifatli notarial xizmatlar koʻrsatilishiga, navbatlarning keskin kamayishiga hamda aholining notarial xizmatlarga boʻlgan talabi qamrovi kengayishini taʼkidladi.

Shuningdek, yigʻilishda notarial harakatlarni amalga oshirishda aholiga yanada yengilliklar yaratish, turli notarial idoralarga borgan holda bitta notarial harakatni rasmiylashtirish hamda ayrim notarial harakatlarni masofadan, notarial idoraga kelmasdan, elektron raqamli imzodan foydalangan holda amalga oshirish tartibini joriy etish, majburiy notarial tasdiqlanadigan harakatlar doirasini qisqartirish, uy-joyni boshqa shaxsga oʻtkazishda, mol-mulk ijara va tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlashda ayrim hujjatlarni olish talablarini bekor qilish, axborot-texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanish kabi masalalar ham muhokama qilindi.

Yigʻilish yakunida sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish, notariatning nodavlat tizimini tashkil etish va notarial idoralarda huquqiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini taʼminlash maqsadida vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi muhokama qilindi va bildirilgan taklif va mulohazalar asosida hujjat loyihasi yanada takomillashtirildi.

Yigʻilish qizgʻin muhokamalarga boy va koʻtarinki ruhda oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi

Manba: O'zA