• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Muammolar “quloqqa chalingan” gaplar asosida emas, uyma-uy yurib hal etilishi lozim

09.07.2019

Aholi muammolarini aniqlash va hal etish boʻyicha “mahalla – sektor – Xalq qabulxonasi – mahalla” prinsipi asosida hamkorlik tizimi joriy qilindi.

Unga koʻra, hududlarda ijro etuvchi organlarning aholi bilan yaqin va hamjihatlikda ishlashiga, oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Endilikda aholini qiynayotgan muammo va masalalarni hal etish “quloqqa chalingan” gaplar asosida emas, balki bevosita uyma-uy yurib, keng jamoatchilik ishtirokida koʻrib chiqish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Bu borada joriy yilning may oyida oʻtkazilgan saylovlardan soʻng fuqarolar yigʻini Kengashi organlari shakllantirildi. 2019-yil 1-iyundan boshlab fuqarolar yigʻinlari xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman (shahar) kengashlari raislarining birinchi oʻrinbosarlari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Joylarda fuqarolar yigʻinlari faoliyatiga mahalliy hokimlik vakillarining asossiz aralashuviga barham berilmoqda.

Eng muhim yangiliklardan biri, bu – fuqarolar yigʻinlari raislari va masʼul kotiblari oylik ish haqi fondining joriy yilda 1,5 baravarga oshirilishi boʻldi.

Fuqarolar yigʻinlari, ularning xodimlari va jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan shaxslar faoliyatini reyting baholash mezonlari asosida ragʻbatlantirish tartibi ishlab chiqildi.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi tomonidan davlatimiz rahbarining 2019-yil 2-apreldagi “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi yuzasidan tashkil etilgan soʻz yuritildi.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi boshqaruvi raisi Sh.Javlonov mustaqillik yillarida mahalla institutini har tomonlama rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan yuqoridagi kabi ishlarga toʻxtalib oʻtdi.

Brifingda mazkur farmonda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan ommaviy axborot vositalari xodimlariga atroflicha maʼlumot berildi.

Manba: O'zA