• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Mirzachoʻl qovunlari Yevropa bozorlarida

Mamlakatimizdagi barcha sohalar kabi qishloq xoʻjaligida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar samarasini Sirdaryo viloyati misolida koʻrish mumkin.

Saxovatli Sirdaryo zaminida yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari nafaqat ichki bozorga, balki, eksportga ham katta miqdorda yoʻnaltirilayotganini raqamlarda yana-da yorqinroq koʻrishimiz mumkin. Jumladan, joriy yilning oʻtgan 6 oyi davomida viloyat mirishkorlari 124 ming 171 tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xorij bozorlariga eksport qildi.

– Eksport qilingan mahsulotlarning 102 ming 944 tonnasini poliz va sabzavot, 3 ming 565 tonnasini hoʻl meva va uzum tashkil etgan boʻlsa, qolgani, sanoat mahsulotlari hissasiga toʻgʻri keladi, – deydi oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyasi agronom-inspektori Sherzod Rustamov. – Eʼtiborli tomoni bugungi kunda Yevropa bozorlarida Sirdaryo qovunlariga boʻlgan talab ortib bormoqda. Talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda olti oy davomida eksportyor korxonalar tomonidan Germaniya, Latviya, Rossiya davlatlariga 169 tonna qovun eksport qilindi va hozirgi kunda ham bu jarayon davom etayotir.

Aytish joizki, sirdaryolik bobodehqonlar tomonidan yetishtirilgan, mazasi tilni yorar qovunlar asosan Mirzaobod tumanida joylashgan “Redpak” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan xorijiy davlatlarga eksport qilinayotir. Ushbu korxona tomonidan oʻtgan yili 2 ming tonna qovun va tarvuz mahsulotlari Rossiya, Latviya va boshqa Yevropa davlatlariga eksport qilingan boʻlsa, bu yil 3 ming tonna mahsulot nafaqat Yevropa, balki Osiyo davlatlariga ham katta miqdorda eksport qilinmoqda.

– Korxonamizda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining eksporti bir qancha texnologik jarayonlarni oʻz ichiga qamrab oladi, – deydi korxona ish yurituvchisi Shuhrat Xoliqulov. – Masalan daladan olib kelingan qovun va tarvuz mahsuloti avval sovutgichga qoʻyilib, 10 daraja haroratda sovutiladi. Soʻng mahsulotning sifatiga va tashqi koʻrinishiga qarab maxsus qutilarga solib qadoqlanadi. Undan soʻng, qovun va tarvuzning sifati buzilmasligi uchun yana sovutgichga qoʻyilib, 5 daraja haroratda sovutiladi va soʻngra xorijiy davlatlariga eksport qilinadi.

Qovunchilikda – bobo dehqon qovun urugʻini yerga qadab, to pishib yetilgunga qadar, uni turli zararkunanda hasharot va kasalliklardan himoya qilishi muhim ahamiyatga ega. Masalan, birgina “qovun pashshasi” hashoratining tushishi oqibatida, keyingi yillarda nafaqat qovunga, balki boshqa poliz ekinlariga ham jiddiy zarar keltirar edi.

– “Qovun pashshasi”ning tushishi oqibatida, viloyatimiz dehqonlari bir necha yillar davomida moʻljaldagi hosilni ololmay, sarflagan mehnati va xarajatlariga kuyib qolishgan paytlari ham boʻldi, – deydi oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyasi 1-toifali oʻsimliklar karantini chegara maskani agronom-inspektori Elbek Qoʻchqorov. – Bu zararkunanda hashoratlarga qarshi biologik va kimyoviy usulda keskin kurashish olib bordik. Bu borada mirishkorlarimizga bergan tavsiyalarimiz hamda hamkorlikda olib borilgan ishlarimiz samarasida bugun Sirdaryoda fitosanitar toza poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda.

Shu kunlarda viloyat dalalarida yetishtirilgan qovun, tarvuz mahsulotlari eksport qilinayotgan boʻlsa, yana sanoqli haftalardan soʻng anor, uzum hamda aholi tomorqalarida yetishtirilgan sabzavot, koʻkat va dukkakli don mahsulotlarini ham eksport qilish boshlanadi.

Darhaqiqat bugun Sirdaryo viloyatida yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga nafaqat Yevropa va Osiyo, balki jahon bozorlarida ham talab ortib bormoqda. Bu oʻz navbatida viloyatning eksport imkoniyatlarini kengaytirish bilan bir qatorda bobo dehqonlarga faxr, daromad va albatta, katta masʼuliyat ham yuklaydi.