• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Markaziy Osiyoda yagona korxona

Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumani S.Rahimov suv isteʼmolchilari uyushmasi hududida Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan – gazoblok qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “EURASIA GAZ BETON” masʼuliyati cheklangan jamiyati barpo etilayotir.

Ushbu yangi loyiha – Niderlandiya davlatidagi “AIRCRETE” kompaniyasining gazablok kompleksini viloyatda tashkil etish maqsadida “Mikrokredit” aksiyadorlik tijorat banki Sirdaryo filiali bilan hamkorlikda 15 million 400 ming Yevro hamda 928 ming AQSH dollari qiymatida gazablok mahsulotlari ishlab chiqarish uchun Xitoy Xalq Respublikasi bilan shartnoma imzolangan edi. Koronavirus pandemiyasi sababli eʼlon qilingan karantin tufayli ish biroz sustlashgandek boʻldi. Ammo Prezidentimiz rahbarligida oʻtgan videoselektor yigʻilishida ishlab chiqarish, qurilish, qishloq xoʻjaligidagi – “vaqt kutib turmaydigan yumushlar”ni jonlantirish lozimligi toʻgʻrisida aniq topshiriq va vazifalar mutasaddilar zimmasiga yuklatilgach, ushbu korxona qurilishida ishlar yana-da jonlandi.

Ayni paytda 8 turda gazoblok qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ushbu zavodda qurilish ishlari avjida. 3 gektarlik umumiy maydonni egallagan zavod faoliyatini boshlagach, bu yerda yiliga 450 ming metr kub eksportbop mahsulot ishlab chiqariladi.

Niderlandiyaning“AIRCRETE” kompaniyasidan tashrif buyurgan 4 nafar malakali mutaxassis jihozlarni oʻrnatish, loyiha boʻyicha ishni nazorat qilish bilan birga korxona faoliyatini boshlagach, unda mehnat qiladigan ishchi-xizmatchilarni tayyorlash bilan ham shugʻullanadi.

Turkiyalik texnolog-muhandis Sidat Imerkar hamda yetakchi mutaxassis Orxan Erkan “Gracia art stroy” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan zavodda olib borilayotgan qurilish ishlarida bosh-qosh boʻlib, quruvchilar bilan yelkama-yelka mehnat qilmoqda.

– Gazoblok – bu siment, qum, ohak, gips qorishmasiga alyumin kukuni elementi qoʻshilib, eng soʻngi innovatsion texnologiyalar asosida tayyorlangan zamonaviy gaz pechlarida pishiriladigan qurilish mahsulotidir, – deydi “EURASIA GAZ BETON” masʼuliyati cheklangan jamiyati direktori Jasur Tilakov. – 1 dona gazoblok mahsulotining ogʻirligi 18 kiloni tashkil etib, 1 dona mahsulotning eni 20, uzunligi 60 va balandligi 30 santimetrni tashkil etadi. Bu odatdagi 20-22 dona pishiq gʻishtning hajmiga toʻgʻri keladi. Ana endi 20 dona pishiq gʻishtning ogʻirliginiyu, 1 dona gazoblokning ogʻirligini oʻzingiz chamalab koʻring. Bu ham hammasi emas, bizda mahsulotni buyurtmachining talabiga koʻra 8 xil oʻlchamda tayyorlab berish imkoniyati ham boʻladi.

Darhaqiqat, bugungi kunda rivojlangan davlatlarning aksariyat qurilishlarida faqat gazoblok mahsulotidan foydalanilmoqda. Chunki, gazoblok yengilligi, pishirish chogʻida tabiiy gazni pishiq gʻishtga nisbatan 8-marta kam sarflanishi, energiya tejamkorligi va mahsulotga unumdor tuproqning ishlatilmasligi, qolaversa, jipslik darajasi, nurlanish, issiq, sovuq oʻtkazmasligi bilan ham afzalroq ekanini alohida taʼkidlash joiz.

– Mahsulotning sifati, mustahkamligi, jipsligi, ogʻirlik meʼyori, xullas barcha koʻrsatgichlari jahon standartlari talabiga toʻla javob beradigan zamonaviy laboratoriya tekshiruvidan oʻtkaziladi, – deydi laboratoriya mudiri Husniddin Haydarov. – Barcha meʼyor koʻrsatgichlari talablariga toʻla javob bergach, mahsulotni ishlab chiqarishiga ruxsat beriladi.

Ushbu mahsulotning yana bir oʻziga xos jihati – koʻp qavatli uy barpo etishda, boshqa qurilish materiallariga qaraganda inshoot mustahkam va vazni nisbatan yengil boʻlib, ortiqcha ogʻirlikning oldi olinadi. Devor tiklash, pardozlash ishlariga talab qilinadigan qum, sement va boshqa pardozlash ishlariga ehtiyoj qolmaydi.

Gazoblokda qurilish ishlarini olib borish ham oddiy, sifatli, mustahkam, zilzila va turli tabiiy ofatlarga chidamli boʻlib, inshootning qisqa fursatlarda amalga oshirilishi tahsinga loyiq. Mahsulotni terish chogʻida, tonnalab qorishma mahsulotlarini kranlar yordamida tepaga koʻtarib oʻtirmay, ularni bir-biriga yopishtirish uchun yelim surkashning oʻzi kifoya boʻladi.

Gazobloklar ishlab chiqarishdagi ishlatiladigan zarur xomashyo asosan mahalliy mahsulotlar hisobiga amalga oshiriladi. Ushbu mahsulotdan barpo etilgan inshootning devorida hech qanday suvoq ishlari bajarilmay, yengilgina pardozlash ishlari amalga oshiriladi, xolos. Bularning barchasi gazoblokdan quriladigan obyektlar tez, mustahkam, qulay va eng muhimi, sifatli holda qisqa vaqtda qad rostlaydi.

– Biz ham Mirzaobod tumanidagi “Haqiqat” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi toshqindan jiddiy zarar koʻrgan 4 ta aholi turar-joylarida tiklash, taʼmirlash va qayta qurish ishlarini amalga oshirayapmiz, – deydi “EURASIA GAZ BETON” MCHJning asosiy taʼsischisi, “Bekzodsher qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati bosh direktori, viloyat Kengashi deputati Sherzod Vafoyev. – Xudo xohlasa, hozirda evakuatsiyada boʻlgan mirzaobodlik vatandoshlarimiz joriy yil avgust oyining uchinchi dekadasida oʻz uylariga koʻchib kiradi va Mustaqillik bayramining 29 yilligini oʻz oilalari davrasida, oʻz goʻshasida nishonlaydi. “EURASIA GAZ BETON” MCHJ qurilishida ham ayni paytda keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari olib borilayapti. Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan ushbu korxonaning ishga tushirilishi nafaqat viloyatda, balki, Respublikamizda olib borilayotgan ulkan qurilish ishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

Darvoqe, qurilish ishlarida gazoblokning imkoniyat va afzalliklarini hali koʻpchilik toʻliq tushunib yetgani yoʻq. Vaholangki, ushbu mahsulotga Rossiya, Ukraina, Qozogʻiston, Turkmaniston kabi bir qator davlatlarda talab nihoyatda yuqori.

Gazoblok mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ushbu korxona joriy yil soʻngida faoliyatini boshlaydi. Ana oʻshanda 100 nafar sirdaryolik yoshlar yangi ish oʻrinlari bilan taʼminlanadi. Eng muhimi esa mamlakatimiz qurilishlarida ulkan oʻzgarish, yangilanish va sifat yuksalishiga erishiladi.