• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Madaniy meros bizdan keyingi avlodga ham oʻtishi kerak

Yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi.

Mazkur hujjatlar asosida Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilishi koʻzda tutilganligi yurtimizda mavjud tarixiy binolarni saqlash, taʼmirlash, oʻrganish va ulardan foydalanish sohasida mavjud muammolarni bartaraf etadi.

Goh u, goh bu shaharda qaysidir tarixiy binodan nooʻrin foydalanilayotganligi, malakasiz restavratsiya ishlari bajarilganligi yoki nurab borayotganligi haqidagi xabarlar tez-tez qulogʻimizga chalinayotgan paytda madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutining tashkil etilishi ayni muddao boʻldi.

Qabul qilingan hujjatlarga koʻra, barcha tarixiy binolar madaniy meros departamenti ixtiyoridan chiqarilib, muzey-qoʻriqxonalar tasarrufiga berilishi koʻzda tutildi. Chunki shu vaqtgacha tarixiy binolarni saqlash bilan bogʻliq barcha faoliyat faqatgina madaniy meros departamentining hududiy boʻlimlari tomonidan amalga oshirilar edi. Bu esa bitta tashkilotga ogʻirlik qilardi.

Endi har bir madaniy meros binosiga rahbarlik qilayotgan kishilarga ham ulkan masʼuliyati yuklandi. Ularning malakasi va ixtisosligi yuqoridagi farmon va qarorda nazarda tutilgan vazifalarni bajarishiga toʻsqinlik qilmasligi, ishonib topshirilgan tarixiy binoni oʻrganish va saqlash bilan bogʻliq ishlarni muntazam va izchil ravishda olib borishi kerak. Chunki, rahbar yetarli malakaga ega boʻlmasa tarixiy binolardan bemaqsad foydalanish hollari davom etaveradi.

Mamlakatimizdagi muzey-qoʻriqxonalar ixtiyoridagi tarixiy binolarning har birida ishlayotgan ilmiy xodimlar oʻzlari faoliyat olib borayotgan tarixiy binolarni tadqiq etishi, manbalar bilan ishlashi lozim va eng muhimi, ularning malakasi ushbu talablarga javob berishi kerak. Chunki, tarixiy binolarni saqlash va kelajak avlodga bus-butun yetkazish koʻp jihatdan ana shu ilmiy xodimlarga ham bogʻliq. Tarixiy binoning qaysi davrlarda shikastlanganligi, qachon taʼmirlanganligi, avval yuz bergan yer silkinishlari qay darajada taʼsir etganligini bilmay, bu haqdagi arxiv hujjatlarini oʻrganmasdan turib ularni saqlash va taʼmirlash ishlarini bajarish imkonsiz.

Yuqoridagi hujjatlar talablardan kelib chiqilsa, mavjud madaniy meros binolarining taʼmirlash tarixi varaqasi yuritilishi maqsadga muvofiqdir. Buning uchun arxiv hujjatlarini oʻrganish va bino haqidagi zarur axborotni bir joyda toʻplash talab etiladi.

Shu oʻrinda bir jihatga eʼtibor qaratsak, Oʻzbekiston, ayniqsa qadim tarixiy obidalarga boy Samarqand seysmik jihatdan faol hududlar sirasiga kiradi va oʻtmishda bu shaharda bir necha yer silkinishlari qayd etilgan. Mavjud arxiv hujjatlarida 1895, 1897, 1907-yillarda yuz bergan yer silkinishining Samarqanddagi obidalarga yetkazgan zarari qayd etilgan. Yaʼni tarixiy binolarning qaysi joylarida yoriqlar hosil boʻlganligi, qayerda koshinlar toʻkilib tushganligi aniq koʻrsatilgan. Agar hozir ham tarixiy binolarning ayni joylarida shikastlanishlar kuzatilayotganini hisobga olsak, madaniy meros obidalarining taʼmirlash tarixi varaqasini yuritish qanchalik muhim ekanligi oydinlashadi.

Madaniy meros obidalarida bajariladigan taʼmirlash ishlarining qatʼiy hisobotini yuritib borish va hududiy davlat arxiv boshqarmalariga topshirish lozim. Chunki, maʼlum tarixiy obidaning qaysi qismi taʼmirlanganligi haqida faqatgina taʼmirchining xotirasiga tayanib xulosa qilib boʻlmaydi. Kelgusida ushbu binolarni saqlash va taʼmirlash jarayonlari mazkur hujjatga tayanib amalga oshiriladi.

Maxmudxon YUNUSOV,
Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi bosh muhofizi