• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Kambagʻallikdan chiqish uchun nima qilish kerak?

Prezident tashrifidan soʻng...
Prezidentimiz joriy yilning 21-22-may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chogʻida qiyin sharoitda yashayotgan 40 mingdan ziyod oilalarni qoʻllab-quvvatlash, bandligini, yaʼni doimiy daromad manbai bilan taʼminlash orqali kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Ayni paytda davlatimiz rahbarining topshirigʻi boʻyicha muayyan ishlar olib borilmoqda.

Aholini kambagʻallikdan chiqarish, kam taʼminlanganlar uchun uy sharoitida oʻzini-oʻzi band qilish borasida dastlabki ishlar bajarildi. Jumladan, echkichilik, parrandachilik va quyonchilik yoʻnalishida viloyatda 62 ta klaster korxonasi tuzildi. Ularga tijorat banklari tomonidan kreditlar berilishi, klaster korxonalar esa ana shu kredit hisobidan imkoniyati va xohishidan kelib chiqib, ehtiyojmand xonadonlarga joʻja, quyon, echki hamda ularni boqish uchun zarur yem-ozuqa tarqatishi koʻzda tutilgan.

Asaka tumanidagi Bahrin va Niyozbotir mahallalaridagi 80 ta xonadonga 20 mingta joʻja ozuqasi bilan tarqatildi.

– Oila boshligʻiman, – deydi Bahrin mahallasi Hurriyat koʻchasida yashovchi Bahromjon Muhammadiyev. – Asosan, mavsumiy ishlarni bajarish orqali daromad topardim. Afsuski, koronavirus tufayli joriy etilgan karantin davrida mavsumiy ishlar ham u qadar koʻp boʻlmayapti.

Oilani boqish, tirikchilik oʻtkazishga ancha qiynalib qolgandim. Prezidentimizga rahmat, u kishining tashabbusi bilan men kabi insonlarga uyda ish bilan band boʻlish, daromad topish imkoni berildi.

Klaster korxona tomonidan 250 ta broyler joʻja ozuqasi bilan berildi. Oilamiz bilan boqyapmiz. Maʼlum vaqt oʻtib, joʻjalar katta boʻlgach, ularni klasterning oʻzi sotib oladigan boʻldi. Xarajatlardan qoladigan pul esa tirikchilik oʻtkazishimizga yordam boʻladi.

“Bahrin” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Umidjon Nazarovning aytishicha, hududdagi 20 dan ziyod oila broyler joʻjalarini parvarishlamoqda.
Rejaga koʻra, viloyatdagi chorvachilik va parrandachilikka ixtisoslashgan klaster korxonalar tomonidan 10 ming xonadonga 20 mingta echki, 20 ming xonadonga 5 million dona joʻja, 7 ming xonadonga 70 mingta quyon berilishi moʻljallangan.

Yuqorida taʼkidlanganidek, joʻja, echki va quyon ehtiyojmand oilalarga bepul beriladi. Masalan, broyler joʻjalar 1-1,5 oyda yetiladi. Yetilgan joʻjalarni klaster bozor narxlarida qayta sotib oladi. Bunda joʻja va yem narxi chegirib tashlanadi. Echkichilik yoʻnalishida esa klaster korxona uning sutini sotib oladi. Bir kunda bitta echkidan 3 litr sut sogʻib olinsa, ikki bosh echkidan bir oyda 180 litr sut olinadi.
Bir litr sutning oʻrtacha narxini 8 ming soʻm desak, bir oyda 1 million 440 ming soʻm boʻladi. Bu daromaddan echki narxining maʼlum qismi va ozuqa narxi chegirib tashlanadi. Quyonchilik yoʻnalishida ham ana shunday tartib asosida ish olib boriladi.

Zaruratga qarab joʻja va quyon boquvchilar uchun maxsus kataklar ham taqdim etiladi. Albatta, bunday sodda usul oʻz samarasini beradi. Eng asosiysi, berilayotgan parranda va chorva hayvonlari uchun biror hujjat yoki kafolat talab etilmaydi.

Qiyin sharoitlarda yashayotgan aholini kambagʻallikdan chiqarish uchun berilayotgan mahsulotlar, birinchi navbatda shu toifadagi oilalar, ishsizlarga taqdim etiladi. Mahsulot oluvchilarning roʻyxati mahalla fuqarolar yigʻini va hokimliklar tomonidan shakllantiriladi.