• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

JST bilan ishlash boʻyicha Idoralararo komissiyaning 4-yigʻilishi toʻgʻrisida

Joriy yilning 29-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov rahbarligida Jahon Savdo Tashkiloti bilan ishlash boʻyicha Idoralararo komissiyasining 4-yigʻilishi videokonferensiya shaklida oʻtkazildi. Tadbirda Oʻzbekistonning JSTga kirishi boʻyicha muzokaralar olib borish guruhi aʼzolari ham ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekistonning JSTga kirishi boʻyicha Ishchi guruhning boʻlajak 4-yigʻilishi bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

Hozirgi kundagi epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasining JSTga kirishi boʻyicha Ishchi guruhning 4-yigʻilishini 7-iyul kuni “gibrid” shaklida oʻtkazishga, yaʼni Jenevadagi xorijiy davlatlar diplomatik missiya vakillari Tashkilot shtab-kvartirasi majlislar zalidan turib, ekspert guruhlari shu jumladan, Oʻzbekiston delegatsiyasi esa videokonferensiya orqali ishtirok etishiga kelishib olindi.

2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini yana-da rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilab oʻtilgan JSTga aʼzo boʻlish jarayonini qayta tiklash mamlakat tashqi iqtisodiy faoliyatini koʻp tomonlama savdo tizimiga integratsiyalashuv orqali rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maʼnoda JSTga aʼzo boʻlish jarayoni juda muhim vazifa ekani va tabiiyki, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning bir qator omillariga taʼsir etuvchi masalalar majmuini tezkor hal etishni talab qilishi taʼkidlandi.

JSTga aʼzo boʻlish bilan bogʻliq hujjatlarni tayyorlash boʻyicha muzokaralar guruhi va alohida mavzular boʻyicha ishchi guruhlar faoliyati samaradorligini yana-da oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Yigʻilish natijasida Ishchi guruhining 4-yigʻilishini va umuman muzokaralar jarayonini samarali tashkil etish va muzokaralar olib boruvchi guruh aʼzolarining masʼuliyatini oshirishga qaratilgan qator qarorlar qabul qilindi.