• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Jahon banki Oʻzbekistonga qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish uchun 500 million dollar ajratadi

Oʻzbekiston hukumati va Jahon banki oʻrtasidagi mamlakat qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish uchun yoʻnaltiriladigan umumiy qiymati 500 million dollarlik qarz bitimini Oʻzbekiston tomonidan Bosh vazir oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Jahon banki tomonidan Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktor Liliya Burunchuk imzoladilar.

Tadbirda JBning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, Qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xoʻjayev hamda Bank va tegishli idoralarning boshqa vakillari ishtirok etdilar.

Loyiha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan tegishli ravishda 276 million va 224 million dollar miqdorida moliyalashtiriladi.

Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi muhim sohalardan biri hisoblangan qishloq xoʻjaligining YAIMdagi ulushi 28, mamlakat umumiy eksportidagi ulushi 10, ushbu sektorda band (3,6 million) kishilar ulushi esa jami mehnatga layoqatli aholining 27 foizini tashkil etadi. Mazkur tarmoq keyingi yillarda xususiy sektor rivojlanishi drayverlaridan biriga aylanib, yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatini namoyish etib kelmoqda.

2017-yildan boshlab qishloq xoʻjaligi sohasidagi oʻzgarishlar Oʻzbekiston hukumati keng islohotlar dasturining muhim qismiga aylandi. Bu jarayonda qishloq xoʻjaligidagi paxta va bugʻdoy ulushini kamaytirish va yuqori qoʻshimcha qiymatga ega, jumladan, meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida sohada mehnat unumdorligini yaxshilash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini koʻpaytirish, tarmoqni yana-da modernizatsiya qilish va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish rejalashtirilgan.

Kredit shartnomalarini imzolash marosimida S.Umurzoqov qayd etib oʻtganidek, “Qishloq xoʻjaligidagi islohotlar qishloq joylarida koʻproq haq toʻlanadigan ish oʻrinlari yaratilishiga, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi mustahkamlanishga va Oʻzbekiston fermerlari va agrosanoat korxonalari eksport daromadi oʻsishiga imkon beradi. Ayni maqsadlarga erishish uchun hukumat Jahon banki va boshqa xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlik qiladi. Bank tomonidan moliyalashtirilayotgan yangi loyiha qishloq xoʻjaligini bozor va raqobatbardosh tarmoqqa aylantirishga hissa qoʻshadi, shuningdek, qishloq xoʻjalik ishlab chiqaruvchilarimizga davlat xizmatlari taqdim etilishini sezilarli darajada yaxshilaydi”.

Ushbu loyiha tufayli Oʻzbekistonning barcha mintaqalaridagi fermerlar va agro korxonalar vakillari uchun zamonaviy texnologiyalar, texnik maslahat, ishlab chiqarish, agrologistika, fitosanitariyaning turli bosqichlarida qoʻllab-quvvatlash xizmatlaridan, shuningdek, savdo hajmini oshirish uchun zarur axborot manbalaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Natijada mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligi va eksport salohiyati oʻsishi hisobiga ularning ichki va xalqaro bozorlarda ishtiroki kengayadi.

Shuningdek, loyihada mahalliy tijorat banklari ishtiroki tufayli mahalliy ishlab chiqaruvchilar intensiv bogʻdorchilikni rivojlantirish, issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etish hamda mahsulotni saqlash, qadoqlash va qayta ishlash quvvatlarini yaratish hamda energetik va suvni tejaydigan texnologiyalar, qishloq xoʻjaligi texnikalari sotib olishni nazarda tutgan holda eksportga yoʻnaltirilgan qoʻshimcha qiymat zanjiri xalqalarini koʻpaytirish uchun ulardan foydalanish istiqboli bilan uzoq muddatli kredit resurslarini jalb qilish imkoniga ega boʻladilar.

Loyiha Oʻzbekistondagi qishloq xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutlarini modernizatsiya qilish, amaliy tadqiqotlarni oʻtkazish va tarmoqqa ilgʻor ishlanmalarni joriy etishga yordam beradi. Tegishli tadbirlar urugʻchilikni rivojlantirish, yer va suv resurslarini boshqarish, muayyan hududlarga moʻljallangan agroekologik iqlimga chidamli texnologiyalarni joriy etish, qolaversa, Oʻzbekistondagi oʻsimliklarning noyob genetik materiallarini saqlash masalalariga qaratiladi.

“Jahon banki xususiy sektor ulushini oshirish va tarmoqda davlat ishtirokini kamaytirishga yoʻnaltirilgan Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan Strategiyasini amalga oshirishga yordam berishdan mamnun”, dedi Marko Mantovanelli. "Bu yil Oʻzbekistonda COVID-19 pandemiyasi tufayli inqirozga uchragan boshqa sohalardan farqli oʻlaroq, qishloq xoʻjaligi oʻsish namoyish etishi kerak. Bu oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan doimiy mavjud talab bilan bogʻliq. Tarmoq mamlakat iqtisodiyotini tiklash lokomotivlaridan biriga aylanishi mumkin. Bugungidek qiyin kunlarda yangi loyiha minglab fermerlar va agrokorxonalar vakillariga ishlab chiqarish hajmi va oʻz mahsulotlari eksportini oshirishda yordam beradi.

Taʼkidlash kerak, “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” yilida hujjatlarni imzolash elektron shaklda amalga oshirilmoqda. Mazkur kelishuv Jahon bankining mintaqada ushbu formatda imzolangan birinchi hujjatiga aylandi.

2017-yil Oʻzbekistonda islohotlar boshlanishi bilan Jahon bankining mamlakatimizga moliyaviy va texnik koʻmagi koʻlami sezilarli darajada kengaydi. Tashkilotning umumiy qiymati 4,4 milliard dollarga teng 23 ta loyihadan iborat Oʻzbekiston boʻyicha dasturi bugungi kunda tuzilmaning Turkiyadan keyin Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik dasturi hisoblanadi. Bank hukumatga turli sohalarda, jumladan, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, taʼlim tizimini, suv taʼminoti, energetika, transport, ijtimoiy himoya, shahar va qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, koronavirus pandemiyasining sogʻliqni saqlash tizimiga, iqtisodiyot va aholi farovonligiga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha inqirozga qarshi dasturni amalga oshirishda sezilarli yordam koʻrsatmoqda.

Maʼlumot uchun: Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (XTTB) Jahon bankining asosiy kredit beruvchi muassasasi boʻlib, ayni payt 189 aʼzo davlatga tegishli global rivojlanish tashkiloti hisoblanadi. Dunyodagi eng yirik rivojlanish banki sifatida, XTTB Jahon banki guruhi missiyasini kreditlar, kafolatlar, tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha mahsulotlar va maslahat xizmatlarini taqdim etish orqali qoʻllab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, XTTB mintaqaviy va global muammolarga javob choralarini muvofiqlashtiradi.

Xalqaro rivojlanish uyushmasi (XRU) Jahon banki tarkibida 1960-yilda tashkil etilgan boʻlib, tuzilma faoliyati iqtisodiy oʻsishni jadallashtirish, tengsizlikni kamaytirish va aholining yashash sharoitlarini yaxshilash dasturlarini amalga oshirish uchun kredit va grantlar taqdim etish orqali kambagʻallik koʻlamini kamaytirishga yoʻnaltirilgan.