• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Imom Buxoriy tavalludi munosabati bilan onlayn seminar tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Turkiyaning Marmara universiteti hamkorligida “Sahihi Buxoriyning Turkiya fondlarida saqlanayotgan nusxalari va buxoriyxonlik” mavzusiga bagʻishlangan onlayn-seminar boʻlib oʻtdi.

Markaz axborot xizmatining xabar berishicha, seminarda yurtimizda diniy-maʼrifiy yoʻnalishda faoliyat koʻrsatayotgan tashkilot va muassasalarning olim va tadqiqotchilari hamda Movarounnahr tarixi va hadisshunoslik boʻyicha taniqli olimlar, Turkiyaning Marmara universiteti professorlari Osman Aydinli va Mehmet Oʻzshenel ishtirok etdi.

Onlayn seminarda turkiyalik olimlar tomonidan “Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosi”, “XIX asrda “Sahihi Buxoriy” nashrlari: Sahonapuriy bilan Abdulhamidxon nashrlarining qiyosiy oʻrganilishi”, “Turkiyada buxoriyxonlik” mavzularida maʼruzalar qilindi.

Olimlar oʻz maʼruzasida Imom Buxoriyning islom olamidagi eng mashhur boʻlgan “Sahihul Buxoriy” asari, uning turk olimlari tomonidan oʻrganilishi, hozirda Turkiya kutubxonalarida saqlanayotgan nusxalari toʻgʻrisida atroflicha maʼlumotlar berdi.