• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Ikki astronavt va dinozavr fazoviy stansiya sahnida

Anchadan buyon kutilgan shov-shuvli voqea nihoyat roʻy berdi. NASA astronavtlari insoniyat tarixida ilk bor xususiy kompaniya tomonidan yaratilgan kemada fazoga koʻtarilib, Xalqaro kosmik stansiya bortiga oʻtib olishdi. Bu haqda “Euronews” xabar qilgan.

“SpaceX Crew Dragon” uchish apparati 19 soatlik parvozdan soʻng XKSga tutashtirildi va shu tariqa fazogirlar Duglas Xarli va Robert Benken orbitaga yetkazildi.

Fazoviy stansiyada ularni amerikalik Kristofer Kessidi hamda rossiyalik kosmonavtlar Anatoliy Ivanishin va Ivan Vagner kutib olishdi.

Ekipaj, garchi, biroz avval qoʻl bilan boshqariladigan tizimni tekshirib olgan boʻlsada, tutashuv avtomat rejimda kechdi.

Astronavtlar oʻz kemalarini “Indevor” (“Intilish”) deb atashdi. Ular qachonlardir birga uchgan shattl shunday nomlangandi.

Bundan tashqari, Xarli va Benken toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiya davomida tomoshabinlarga uchishga tayyorgarlik jarayoni haqida soʻzlab berishdi.

Robert Benkenning aytishicha, har ikkala fazogirning oʻgʻli bor, ular dinozavrlarga juda qiziqishadi. Ikki oila parvoz oldidan toʻplandi, barcha jonivorlarni yigʻib, qaysi biri otalari bilan birga kosmosga yoʻl olishini kelishib olishdi. Bolalar tanlovi “Tremor” nomli apatozavrda toʻxtadi. Bu noyob hayvon timsoli astronavtlarning yerga eson-omon qoʻnishiga ham “yordam beradi”. Hozircha safarning tugash muddati maʼlum emas, faqat shunisi aniqki, parvoz bir oydan toʻrt oygacha choʻzilishi mumkin.