• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

GTL investitsiya loyihasi: Qurilish jarayoni, amaliy yordam va tavsiyalar

Qashqadaryo viloyatidagi GTL zavodining qurilish maydonida Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “Oʻzbekneftgaz” AJning kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Soha masʼullari, mahalliy va xorijlik mutaxassislar ishtirok etgan ushbu tadbirda GTL investitsiya loyihasi amalga oshirilishi, qurilish-montaj ishlar bajarilishi, zavodning bir qator uskuna va texnologik qurilmalarning ishga tushirish-sozlash oldi ishlar bajarilishi jarayonlari hamda zavodni ishga tushirish va ekspluatatsiya qiladigan personalni tayyorlashga alohida eʼtibor berildi.

Mazkur loyihaning ahamiyatli jihati shuki, Qashqadaryo viloyatidagi Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi negizida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish zavodi ishga tushirilishi bilan Oʻzbekistonga aviakerosin va dizel yoqilgʻisining importi sezilarli darajada qisqaradi. 2021-yilda GTL zavodi toʻliq loyiha quvvatiga bosqichma-bosqich chiqishi bilan birga, unda tabiiy gazdan sintetik dizel yoqilgʻisi, aviakerosin, nafta va suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishi boshlanadi.

Toʻliq loyihalash quvvatiga erishgach, zavodda yiliga 3,6 milliard kubometr tabiiy gaz (metan) qayta ishlanadi va 1,5 million tonna yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilgʻi, jumladan, 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilgʻisi, 437 ming tonna nafta va 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi.

– Investitsiya loyihasini amalga oshirish endi yakuniy bosqichga kirib, uning bitkazish darajasi 87 foizdan oshdi. Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatidagi zavodning qurilish maydonida qurilish ishlari davom ettirilib, unda 11 mingdan ziyod ishchi va mutaxassislar, jumladan, xorijiy mutaxassislar jalb etilib, 973 texnika safarbar etilgan. Ish juda faol surʼatlar bilan, bir necha smenada, birinchi navbatda, ishchilarning xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda va barcha sanitariya-epidemiologiya talablariga qatʼiy rioya qilgan holda hamda qatʼiy sifat nazorati bilan olib borilmoqda. Zavod qurilishini shu yilning oxirida yakunlashni rejalashtirmoqdamiz, ayni paytda zavodning ayrim texnologik qurilmalarida parallel ravishda ishga tushirish-sozlash oldi ishlari boshlab yuborilgan, – deb taʼkidladi GTL zavodi rahbari Faxriddin Abdurasulov.

Qurilish maydoniga 958 asosiy texnologik uskunalar jamlanmasi yetkazib berilgan boʻlib, shundan umumiy ogʻirligi 35 ming tonnadan ortiq boʻlgan 700 ga yaqin jamlanma zavodning texnologik qismida oʻrnatilgan.

Zavodni ishlatish maqsadida butun respublikadan mutaxassislar tanlab olindi. Ular Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi va Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarish oʻqish kurslarini, shuningdek, Ustyurt gaz-kimyo majmuasi va Qatardagi shunga oʻxshash Oryx GTL zavodida ishlab chiqarish amaliyotini oʻtashdi. Ishlab chiqarish kadrlarni tayyorlash davom etmoqda. Mutaxassislar zavodning texnologiya litsenziarlari, uskunalar, shu jumladan, ishlab chiqarish jarayonining nazorat tizimini ishlab chiqaruvchilarining tajribali muhandislari tomonidan oʻqitilmoqda.

Umumiy qiymati 3,61 milliard dollardan ortiq boʻlgan Oʻzbekistondagi GTL zavodi mintaqadagi eng innovatsion ishlab chiqarish korxonalaridan biri boʻlib, tabiiy gazni chuqur qayta ishlash salohiyatini kengaytirish, uglevodorodlar importini kamaytirish, mamlakatning zamonaviy, sifatli va ekologik toza yoqilgʻiga boʻlgan ehtiyojini qoplash, shuningdek, bozorni oʻz xomashyosidan ishlab chiqarilgan strategik mahsulotlar bilan taʼminlash imkonini yaratadi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.