• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Germaniyalik olimlar koronavirus qancha masofadan yuqishi mumkinligiga oydinlik kiritdi

Germaniyalik olimlar Shimoliy Reyn-Vestfaliya oʻlkasidagi goʻsht kombinatida koronavirus tarqalishining sabablarini oʻrganib, shunday xulosaga keldi. Korxonada koronavirus yuqishi sakkiz metrlik masofada yuz bergan, deyiladi Gelmgols nomidagi yuqumli kasalliklarni oʻrganish markazi (HZI) saytida eʼlon qilingan matbuot xabarnomasida.

Gap Gyuterslo okrugidagi Tönnies konsernining goʻshtni qayta ishlash korxonasida koronavirus keng tarqalgani haqida ketmoqda.

Mahalliy matbuotning yozishicha, bu yerda 1,5 mingdan ziyod ishchilar bir vaqtda koronavirusga chalingan. Shimoliy Reyn-Vestfaliya sogʻliqni saqlash vaziri Karl-Yozef Laumanning maʼlum qilishicha, Goʻsht kombinatida COVID-19 infeksiyasiga chalinish bilan bogʻliq ikki mingga yaqin holat qayd qilingan.

Matbuot xabarnomasida taʼkidlanishicha, olimlar may oyida korxonada roʻy bergan infeksiya tarqalishi bilan bogʻliq voqealarni qayta tahlil qilib shuni aniqlashdiki, koronavirus infeksiyasi bir odamdan bir nechta odamga 8 metrlik masofada ham oʻtar ekan". COVID-19 tarqalishi asosan havo aylanib turuvchi sovutilgan xonalarda roʻy bergan.

“Bizning tadqiqotimiz SARS-CoV-2ning ish ketayotgan kenglikda qancha masofagacha tarqalishiga oydinlik kiritdi. Bu yerda turli omillarning oʻzaro kombinatsiyasi koronavirusning nisbatan katta masofada ham tarqalishiga imkon yaratishi maʼlum boʻldi. Endigi masala, hayotning boshqa sohalarida qanday sharoitda koronavirus bundan ham uzoq masofaga tarqalishi mumkin, degan savolga javob topishdan iborat”, - deya taʼkidladi Braunshveyg texnika universiteti professori, HZI tadqiqot guruhi rahbari Melani Brinkmann.

Tadqiqot mualliflaridan yana biri Genrixa Pette (HPI) nomidagi eksperimental virusologiya institutining tadqiqot guruhi rahbari professor Adam Grundxoffning taʼkidlashicha, tadqiqot natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, korxonalarda koronavirusning katta masofaga tarqalishiga haroratning pastligi va zaruriy miqdorda toza havo yetkazib berilmasligi kabi omillar sabab boʻlar ekan.

"Katta ehtimol bilan aytish mumkinki, dunyodagi barcha goʻsht yoki baliqni qayta ishlash korxonalarida epidemiyaning keng tarqalishida ushbu omillar muhim ahamiyat kasb etadi. Xulosa shuki, bunday sharoitda infeksiya yuqtirmaslik uchun 1,5 metrdan to 3 metrgacha masofa saqlash yetarli emas ekan», - dedi u.