• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Gerbimiz doimo qalbimizda

2-iyul – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun

Mamlakat nomidan maydonga chiqadigan har bir sportchi va uning murabbiylari davlatimiz ramzlari tavsifini toʻliq bilishi, milliy qadriyatlarimiz va tariximizni oʻrganishi lozim. Sportchining vazifasi musobaqada gʻolib chiqish va medal olish, undan bayroq yoxud gerbda nima tasvirlanganini, davlat madhiyasini yod bilishni, milliy qadriyatlarimiz haqida yetarli maʼlumotga ega boʻlishni talab qilish toʻgʻrimi, deb qarovchilar ham topiladi. Ammo biz qaysi sohada faoliyat koʻrsatmaylik, shu yurtning farzandi ekanmiz, Vatanimiz tarixini, davlatimiz ramzlarini bilish – ham qarz, ham farz. Ayniqsa, biz kabi tez-tez xorij safariga chiqadigan sportchilar uchun bu oʻta muhimdir.

Men sportchi boʻlganimdan juda faxrlanaman. Jahon arenalarida buyuk oʻtmishga ega va hech kimdan kam boʻlmagan oʻzbek sportchilarining obroʻ-eʼtibori juda baland. Har bir oʻtkazayotgan jangimizda medallar uchun ringda bellashayotganimizda doimo qalbimizda turuvchi gerbimiz bizga oʻzgacha kuch-quvvatbagʻishlab turadi.

Sportchilarimizning yurtimiz sharafini himoya qilib, har bir gʻalabasini quvonch yoshlari bilan qarshi olayotganini koʻrib, bolaligimdan sportga mehr qoʻydim. Ustozim Bahodir Erkayev qoʻl ostida boksning barcha sir-asrorlarini oʻrgandim.

Ilk bor 2016-yili Bekobod shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston chempionatida kumush medal sohibi boʻldim va qalbimni Vatanimiz sharafini jahon arenalarida yuksaklarga koʻtarishdek hissiyot choʻlgʻadi. Oʻsha yili Rossiyaning Xanti-Mansiysk shahridagi jahon kubogida bronza medali bilan taqdirlandim. 2017-2018-yillarda Qozogʻiston, Rossiya va Ukrainada oʻtgan xalqaro turnirlarda shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildim. 2018-yili Jakarta shahri (Indoneziya)da boʻlib oʻtgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida oltin medalni qoʻlga kiritib, ilk orzuimni amalga oshirdim. 2019-yili bir qator xalqaro turnirlarda gʻolib boʻldim. Tailandning Bangkok shahrida Osiyo chempioniga aylandim. Eng muhimi, Rossiyaning Yekaterinburg shahrida boʻlib oʻtgan jahon chempionatida barcha raqiblarimni yengib, jahon chempionatida gʻolib boʻldim.

Kamtarona mehnatlarimizni yuqori baholagan Prezidentimiz 2019-yil 27-sentyabrda meni “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirladi.

Joriy yilda esa Iordaniyaning Amman shahrida boks boʻyicha Osiyo/Okeaniya mintaqalari uchun Tokio Olimpiadasiga yoʻllanma beruvchi turnirda gʻolib boʻlib, Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritdim. Endilikda eng katta orzuim Olimpiya oʻyinlarida shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarilib, boshimiz uzra yuksaklarda hilpirayotgan bayrogʻimiz va ruhimizga har bir soʻzi singib ketgan madhiyamizni baralla yangratmoqchiman.

Mirazizbek MIRZAXALILOV,

Boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi,

jahon va Osiyo chempioni.